Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasining Telegram’dagi @Qurolli_Kuchlar_Akademiyasi_bot nomli rasmiy boti ishga tushgan boʻlib, fuqarolar oʻzining murojatlarini ushbu manzilga yuborishi mumkin. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Shuningdek, Qurolli Kuchlari akademiyasining akademiya-mudofaa.uz manzili boʻyicha rasmiy sayti ham ishga tushirildi. Ayni vaqtda sayt sinov rejimida ish olib bormoqda.
Veb-sayt Qurolli Kuchlar akademiyasi faoliyati ochiqligini taʼminlab, taʼlim muassasa hayotiga bogʻliq tadbirlar va hodisalarni tezkorlik bilan yoritish, shuningdek, jamoatchilik bilan aloqalarni yaxshilashga xizmat qiladi.
Saytda akademiya rahbariyati, uning tuzilmasi va tarixi haqidagi axborotlar, boʻsh ish oʻrinlari, harbiy-ilmiy ishlar haqida batafsil maʼlumotlar bilan tanishish mumkin.
Qurolli Kuchlar akademiyasiga ekskursiya uyushtirishni istagan oʻquvchi yoshlar guruhlari uchun ham yangi imkoniyat paydo boʻldi. Endi tashrif buyuruvchilarning arizalari Telegram hamda saytdagi elektron manzillar orqali qabul qilinadi.
Taʼkidlash joizki, bir necha yillar davomida eng yopiq deb hisoblanib kelgan Mudofaa vazirligi 2017-yilda mudofaa.uz rasmiy veb-saytini, 2018-yilda esa Telegram’dagi kanali hamda Facebook’da “Mudofaa Press” rasmiy sahifasini ishga tushirgan edi.
Izoh (0)