Janubiy Koreyada ikki haftadan beri anomal issiq ob-havo saqlanib qolmoqda. Havo harorati doimiy ravishda 35˚ C dan yuqorilab bormoqda, deb yozadi Kommersant.
1-avgust, chorshanba kuni Seulda so‘nggi 111 yil ichidagi eng issiq ob-havo — 39,6˚ C qayd etildi. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, jazirama sabab shu kunga qadar 29 kishi hayotdan ko‘z yumdi.
Anomal issiq butun hududni qamrab olgan. Aholisi bunday ob-havoga ko‘nikmagan Yaponiyada ham hozirda havo harorati muntazam 40˚ C dan yuqorilab bormoqda. O‘tgan haftada Kumagaya shahrida Yaponiya uchun rekord bo‘lgan — 41,1˚ C daraja issiq ob-havo qayd etildi.
Mahalliy qutqaruv xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra so‘nggi 3 oy mobaynida Yaponiyaning 57,5 ming aholisi jazirama sabab (quyosh urishi yoki gipertermiya) kasalxonaga yetkazilgan. Ulardan 125 nafari esa vafot etgan.
Izoh (0)