Xitoylik hamkorlar bilan IIV akademiyasida Simulyatsiya va modellashtirish markazi qurilishi bo‘yicha kelishuvlar davom etmoqda. Bu haqda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi delegatsiyaning mazkur davlatga safari davomida ma’lum bo‘ldi, deya xabar beradi IIV jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi.
Mazkur loyiha uchun Xitoy tomonidan 22 million dollar ajratilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu markaz ishga tushib, Pekin politsiya universitetidagi kabi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlansa, u soha uchun yetuk kadrlar yetishtirib chiqadigan Markaziy Osiyoda yagona dargoh bo‘ladi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolarini Xitoy jamoat xavfsizligi birinchi ilmiy-tadqiqot institutida yaratilgan ixtirolar, xususan, turli qo‘poruvchilik harakatlarida, portlovchi uskunalarni zararsizlantirishda, jinoyatchilardan himoyalanishda va yana ko‘plab har xil vaziyatlarda foydalanishda asqatadigan kiyimlar, himoya vositalari katta qiziqish uyqotdi. Ayniqsa, jamoat joylari, metro va odamlar qatnovi ko‘p bo‘ladigan maskanlarga o‘rnatiladigan skanerlash uskunasi ko‘pchilikning e’tiborini tordi.
Uning afzalligi shundaki, harakatlanayotgan ko‘plab odamlarni tez va sifatli skanerdan o‘tkazib, ular orasidan tanasida turli portlovchi moslama yoki qurolni yashirib o‘tkazishga uringan yovuz niyatli kimsani tezda aniqlaydi. Bundan tashqari, davlat idoralari, tashkilotlar, muassasalar kirish joyiga o‘rnatiladigan moslama ham e’tibordan chetda qolmadi. U orqali binoga kirayotgan shaxsning ilgari jinoyat sodir etgan-etmagani, qidiruvdaligi tezda aniqlanadi.
Mehmonxonalar, muhim qo‘riqlanadigan obyektlarga kirishda mashinalarning tag qismini hech bir shaxs aralashuvisiz, mustaqil tekshiradigan, xavf bo‘lsa avtomatik ravishda xabar beradigan moslama ham O‘zbekiston vakillarida katta taassurot qoldirdi.
Izoh (0)