O‘quvchilarning huquqiy bilimini oshirishga qaratilgan “Siz qonunni bilasizmi?” ko‘rik-tanlovi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va boshqa tegishli tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi, deb yozadi O‘zA.
Yosh avlodning huquqiy bilimini yanada mustahkamlash, ularni Konstitutsiya va boshqa qonun hujjatlariga hurmat ruhida tarbiyalash, sud-huquq, ijtimoiy-iqtisodiy tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovning mamlakat bosqichida 14 jamoa o‘zaro bahslashdi.
Buxoro viloyatidagi Kogon sanoat va transport kollejining “Delegat” va Navoiy viloyatidagi Qiziltepa qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi kollejining “Femida” jamoalari 1-o‘ringa munosib deb topildi.
Jizzax viloyatidagi Do‘stlik tibbiyot kollejining “Huquq targ‘ibotchilari” va Qashqadaryo viloyatidagi Qarshi bank kollejining “Shijoat” jamoalari 2-o‘rin, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Nukus iqtisodiyot kollejining “Yosh yuristlar” hamda Samarqand viloyatidagi Ishtixon pedagogika kollejining “Yosh deputatlar” jamoalari 3-o‘rinni egalladi.
Tanlov yakunida g‘olib va faol jamoalarga tashkilotchilarning diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Izoh (0)