Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti Toshkent filialining 23 nafar talabasi o‘qishdan chetlatilgani haqida xabar berilgandi. Bugun Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Xalq bilan muloqot” guruhida bo‘lib o‘tgan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot vaqtida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Dilmurod Nabiyev ushbu masalaga oydinlik kiritdi.
“Har bir universitetning tartib-nizomi mavjud. Talabalar o‘zi tahsil oladigan Oliy ta’lim muassasasining talabini barajmasa o‘qishdan chetlashtiriladi. Gubkin universitetining Toshkentdagi filiali hech qanday noqonuniy ravishda, mutlaqo asosli holda, talablar doirasida 23 nafar talabani chetlatish bo‘yicha qaror chiqargan. Uni hech kim o‘zgartira olmaydi. Alohida talaba uchun nizom ishlab chiqilmaydi. Bu masalani chuqur o‘rganib chiqdik, qaror to‘g‘ri qabul qilingan”.
Oliy o‘quv yurti dekani Shavkat Ravilovga ko‘ra, universitetdan joriy yilda 22 kishi akademik qarzdorlik, yana biri esa ichki tartib-qoidalarga bo‘ysunmaganligi sababli talabalar safidan chiqarilgan.
Dekanning ta’kidlashicha, talabalar o‘z huquqlarini himoya qilishni istab uch marta advokat ham yollagan. Ammo o‘quv yurti rahbariyati tomonidan taqdim etilgan hujjat (buyruq va asos)larni o‘rganib chiqqan advokatlar o‘qishdan chetlashtirish qarori to‘g‘ri qabul qilingan, degan xulosaga kelib, talabalarni himoya qilishdan bosh tortgan.
Izoh (0)