Axborot texnologiyalari universitetida xalq deputatlari Toshkent shahar Yunusobod tumani kengashi sessiyasi o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ahvolini o‘rganish, amalga oshirilayotgan islohotlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganish natijalari muhokama qilindi.
Tumanda joriy yilning birinchi choragida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 428,6 milliard, pudrat-qurilish ishlari 156,8 milliard va chakana savdo aylanmasi hajmi 637,6 milliard so‘mga bajarilgan. Bundan tashqari, 2,8 million dollarlik mahsulotlar xorijga eksport qilingan.
Tanqidiy ruhda o‘tgan majlisda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar atroflicha tahlil qilindi. Qayd etilganidek, tuman hokimi, prokurori, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i va davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i rahbarligidagi sektorlarda ishni tashkil etish va aholi xonadonlarini o‘rganish natijasi bo‘yicha “Yo‘l xarita”larini shakllantirishda qator qamchiliklar mavjud.
Sessiyada Yunusobod tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan salbiy holatlarni bartaraf etish, dasturlar ijrosini ta’minlash choralarini ko‘rish masalalari muhokama qilindi. Har bir sektor amalga oshirgan ishlar, shuningdek, aniqlangan muammo va kamchiliklar tahlil etilib, tegishli tavsiyalar berildi. Kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlashda deputatlar nazoratini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Izoh (0)