Gruziya bosh vaziri Georgiy Kvirikashvili 26-may, shanba kuni mamlakatning 2021-yili NATOga a’zo bo‘lishiga umid qilyotganini aytdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
Shu vaqtgacha Gruziyaning NATOga qachon a’zo bo‘lishi sanasi oshkor qilinmas edi.
Bosh vazir xalqaro hamjamiyat, jumladan, Shimoliy Atlantika alyansi tomonidan bu masala hal qilinishiga umid qilishini bildirgan. Mamlakat xavfsizligini ta’minlashda NATOga a’zo bo‘lishning ahamiyati katta ekanini ta’kidlangan.
“Gruziya hukumati Yevropa va Yevroatlantika hamdo‘stligiga qo‘shilish uchun har kuni ish olib bormoqda”, — dedi bosh vazir.
Tashqi ishlar vaziri Mixail Janelidze,o‘z navbatida, mamlakat hukumati hamkorlar bilan muzokaralar olib borish va NATOga a’zo bo‘lish uchun islohotlarni davom ettirishini bildirdi. Yarashish va fuqarolar tenghuquqligi bo‘yicha vazir Ketevan Sixelashvili ham ushbu fikrni tasdiqladi. “Biz bu ish imkon qadar tezroq amalga oshishini istaymiz. Umid qilamizki, ko‘p yillar mobaynida davom etayotgan hamda jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlangan islohotlar jarayoni va intilishlarimiz tashkilotga qo‘shilish (integratsiya) borasida o‘z samarasini beradi”, — dedi Sixelashvili.
Shu hafta o‘rtasida AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo hukumat Gruziyaning NATOga a’zo bo‘lishi uchun zaruriy ishlarni amalga oshirayotganini ma’lum qildi.
Avvalroq Rossiya Gruziya va NATO hamkorligining kuchayishidan xavotirda ekanini bildirgan. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi mamlakat xavfsizligini ta’minlash choralarini kuchaytirish kerakligini ma’lum qildi.
Izoh (0)