Rossiya poytaxti Moskva shahridagi Tretyakov galereyasida Ilya Repinning “Ivan Grozniy va uning o‘g‘li Ivan 1581-yil 16-noyabrda” nomli kartinasi vandalizm qurboniga aylandi. Asarga jiddiy zarar yetgan, biroq shoh va shahzodaning yuzi va qo‘li zarar ko‘rmagan. Asarga zarar yetkazgan erkakning aytishicha, u mast bo‘lgan va asar uning jahlini chiqargan, deb xabar beradi “RIA Novosti”.
Muzey tomonidan ma’lum qilinishicha, hodisa muassasa yopilishidan oldin yuz bergan. Tashrif buyuruvchilardan biri deyarli bo‘sh qolgan Repin zaliga muzey xodimlaridan o‘tib kirgan va oynavand asarga metal to‘siq ustuni bilan bir nechta zarba bergan.
Zarbalar natijasida asarni harorat va namlik o‘zgarishidan saqlovchi qalin shisha qatlam singan. Kartinaga jiddiy zarar yetgan. Uning markaziy qismidagi shoh tasvirida uchta joy yirtilgan. Shisha tushishidan esa badiiy mualliflik romi jiddiy zarar ko‘rgan. Baxtli tasodif tufayli asarning eng qimmatli qismi bo‘lgan shoh va shahzodaning qo‘li va yuziga zarar yetmagan.
Izoh (0)