O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Ummon sultonligining mamlakatda o‘z missiyasini yakunlayotgan Favqulodda va muxtor elchisi Muhammad bin Said bin Muhammad al-Lavatini qabul qildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati ma’lum qildi.
Suhbat davomida qo‘shma kun tartibining dolzarb masalalari, jumladan, BMT, IHT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik muhokama qilindi.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan barcha sohalarda O‘zbekiston—Ummon munosabatlarining barqaror va ildam tus olgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonning Maskat shahridagi elchixonasi faoliyatining boshlanishi ikki tomonlama hamkorlik tarixida yangi sahifa ochadi.
Vazir samarali faoliyati hamda mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirishdagi shaxsiy hissasi uchun elchiga minnatdorlik bildirdi. Yangi tayinlanadigan mansablarda muvaffaqiyatlar tiladi.
Mazkur lavozimda deyarli 6 yil ishlagan elchi o‘z navbatida O‘zbekiston hukumati va TIVga Ummon diplomatik missiyasi rahbari vazifasini bajarishda ko‘rsatilgan ko‘mak uchun minnatdorlik bildirdi.
Izoh (0)