O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 17-aprel kuni bosh vazir Abdulla Aripov joylarda majburiy mehnat holatlari oldini olishga qaratilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Unda vazirlik va idoralar rahbarlari, viloyat hokimlari, shuningdek, davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalari, internet-nashrlarning muxbirlari ishtirok etdi.
“Daryo” internet-nashri o‘z yo‘nalishida tarixiy hisoblangan ushbu videoselektor yig‘ilishidagi muloqotning to‘liq matnli talqinini e’tiborga havola etadi.
Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida qatnashib kelganlaridan keyin, Oliy Majlis Senati huzurida majburiy mehnat bo‘yicha alohida komissiya ham tashkil etildi. Yurtboshimizning topshiriqlariga asosan 2017-yilgi paxta yig‘im-terim ishlariga jalb qilingan talabalar hammasi joyiga qaytarildi. Ammo joylardagi aksariyat rahbarlar bundan xulosa chiqarish o‘rniga, aksincha, talabalarni qaytarishga qaytarib, o‘qituvchi va shifokor xodimlarni ko‘cha tozalashdan tortib uy-joy buzishgacha bo‘lgan ishlarga jalb etib kelyaptilar.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Sirdaryo viloyati faollari bilan bo‘lgan uchrashuvda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani 42-son maktab o‘qituvchisi Diana Yenikeyevaning ko‘cha tozalashga chiqqan vaqtida mashina urib ketishi natijasida vafot etganligini qanchalik kuyunib gapirganliklarini, mana, televizorda ko‘rdingiz. Va bunga o‘zlarini xuddi aybdordek his qilayotganliklarini aytib o‘tdilar.
Bundan tashqari, Yurtboshimiz ko‘p joylarda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilayotgani to‘g‘risida aytib o‘tdilar. Yurtboshimizning so‘zlari bilan aytadigan bo‘lsak, Prezidentimiz: “Ochig‘i, bu menda nafrat uyg‘otmoqda. O‘qituvchilarni majburlab, obodonlashtirish, ko‘cha supurtirishga jalb etish — bu biz olib borayotgan siyosatga xiyonat! Bu harakatlar faqat menga emas, davlatimiz olib borayotgan siyosatga ham xiyonat”, dedilar.
Hozirgi kunda internet, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarning o‘rni aholi o‘rtasida juda katta ahamiyatga ega bo‘layotganligini hisobga oladigan bo‘lsak, siz rahbarlarning noto‘g‘ri xatti-harakatlaringiz bilan davlatimiz ijro organlariga, qolaversa, Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan siyosatga qattiq salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu sababli, bugungi yig‘ilishimizda bir necha marotaba ogohlantirishlariga qaramasdan, o‘qituvchi va shifokorlarni faoliyatiga taalluqli bo‘lmagan boshqa ishlarga jalb qilinishi holatlarini muhokama qilib olishimiz lozim.
Bu bo‘yicha Yurtboshimiz alohida topshiriq berdilar. Hukumatga shunday topshiriq bo‘ldiki, bundan buyog‘iga mana shunday holatlarning har birini alohida, prokuratura organlari bilan, boshqa huquq-tartibot idoralari bilan birgalikda xuddi bir favqulodda holat, favqulodda hodisa sifatida ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, hech kimga sir emaski, keng jamoatchilik vakillari tomonidan turli ijtimoiy tarmoqlarda va ommaviy axborot vositalarida ham mahalliy hokimliklar tomonidan ta’lim hamda sog‘liqni saqlash tizimi vakillarini turli boshqa ishlarga jalb etish holatlari uchrayotganligi keng muhokama etilmoqda.
Masalan, Qashqadaryo viloyatida ko‘cha yuzida issiqxonalarni tashkil etishda, Jizzax viloyatida kollej o‘quvchilaridan tekstil fabrikasi xodimlari sifatida foydalanish holatlari yuz bergan. Bunday holatlar esa aholi o‘rtasida turli norozichilik kayfiyatlari kelib chiqishiga asosiy sabablardan bo‘lmoqda.
Masalan, Andijon viloyatining Andijon shahri, Xo‘jaobod, Marhamat, Qo‘rg‘ontepa, Jalaquduq tumanlarida ko‘cha tozalash, mahallalarni obodonlashtirish, daraxtlar ekish, ko‘cha va mahallalardagi chiqindilarni chiqarish va dala ishlariga maktab, maktabgacha ta’lim tizimida faoliyat olib yuritayotgan xodimlar muntazam ravishda jalb etib kelinmoqda. Mazkur holatlar ayrim rahbarlar tomonidan nafaqat majburiy ishlatish, moddiy manfaatni ham ko‘zlab amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Rahmonov, Andijon shahar hokimi Rahmatullayev barcha yig‘ilishlarda ochiqdan-ochiq maktabgacha ta’lim muassasalari rahbarlariga shahar ko‘chalarini obodonlashtirish uchun o‘z ish haqlaridan qimmat narxlarda gul va daraxt ko‘chatlarini sotib olishga majbur qilishgan. Agar topshiriq bajarilmasa yoki bajarishni xohlamagan xodimlar bo‘lsa, ishdan bo‘shatish bilan ham qo‘rqitishgan. Endi ayting, Andijon viloyatining rahbarlari ta’lim, sog‘liqni saqlash tizimida shuncha islohotlar amalga oshirilayotgan bir davrda o‘qituvchi, shifokorlar qachon o‘z ustida ishlaydi-yu, qachon o‘zi mehnat qilayotgan maskanda shu islohotlarni amalga oshiradi? Olib chiqib ishlatgani mayli, ustiga ustak, masalan, 1000 so‘mlik ko‘chatning ustiga yana qanchadir mablag‘ qo‘yib, uning hammasini bir tashkilotning xodimlariga majburiy ravishda olishga zo‘rlagan.
Xuddi shu kabi Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi bog‘chalar xodimlari ham shahardagi qabristonlarni obodonlashtirish ishlariga muntazam jalb etib kelinmoqda. Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlari esa zarur vositalarni o‘z hisobidan sotib olib, yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarni tozalashga jalb qilingan.
Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida ham maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlaridan obodonlashtirish ishlariga ishchi kuchi yollash maqsadida pul yig‘ilayotganligi bo‘yicha vazirlikka bir necha marotaba murojaatlar bo‘lgan. Endi bir o‘ylab ko‘ring, shu mablag‘larni topish uchun tegishli boshqarmalar qanday yo‘l tutadi? Albatta, qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yadi.
Sizlarga ma’lum, muhtaram Yurtboshimizning tashabbuslari bilan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida Jamoat ishlari jamg‘armalari tashkil etilgan. Lekin, afsuski, buni ishlatish bo‘yicha mexanizmni ko‘plab hokimlar hali tasavvur ham qilib ko‘rmagan. Bilmaydi ham! O‘zbekiston Prezidenti necha milliard so‘m mablag‘ni joylarda shu ishlarni tashkil etish uchun, odamlarga pul to‘lab, ishsiz yurgan odamlarni yollab, shu ishlarni amalga oshirish uchun pul ajratganlar, lekin ba’zi hokimlarimiz kasal. Ba’zi tuman hokimlari, ba’zi shahar hokimlari, ba’zi mutasaddi rahbarlar — kasal. Bular o‘zining “sodiqligi”ni ko‘rsatish uchun ham ortiqcha odamlarni olib chiqib ishlatib, mana shunaqangi majburiy mehnatga jalb etyapti.
Jamoat ishlari jamg‘armasini tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham barcha hududlarda, ayniqsa, chekka tumanlarda band bo‘lmagan fuqarolarni ish haqi to‘lash orqali obodonlashtirish, uy-joy kommunal xo‘jaligi ob’ektlarini ta’mirlash, infratuzilmani yaxshilash ishlariga keng jalb etishdan iborat. Ammo, boya aytganimdek, turli darajadagi hokimlar shuncha imkoniyatlar yaratilishiga qaramasdan, tahdid qilish orqali byudjet tashkiloti ishchilarini majburiy ishlatishni tizimga aylantirib olgan.
Birgina 2018-yil uchun ishsiz aholini jamoat ishlariga jalb etishga Yurtboshimiz 714 milliard so‘m mablag‘ ajratib berganlar. Tasavvur qiling, 714 milliard so‘mni bemalol hududlarda olib, ishlatish mumkin. Qani, bandlik va mehnat munosabatlari gapirsin shu haqda.
Sherzod Kudbiyev, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri: Abdulla Nig‘matovich, jami 714 milliard so‘m ajratilgan. Shundan bugungi kunga kelib 42,8 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirilgan. Birinchi chorak uchun 140 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bir vaqtda atigi 42,8 milliard so‘mini ishlatib bo‘ldik, xolos.
Abdulla Aripov: Ya’ni, 30 foizi ham ishlatilmagan! Pul bor, turibdi. Hamma byudjetlarda bor, to‘g‘rimi? Yo‘q, bular kasal — boyagi byudjet tashkilotlari xodimlarini olib chiqib ishlatish bularga oson. Vaholanki, shu ishni amalga oshirsa, bir tomondan, hali ish bilan band bo‘lmagan aholini ham olib chiqib, shu ishga jalb qilish imkoni paydo bo‘lardi, ularda ham o‘z uyiga qonuniy, haqqoniy yo‘l bilan uyiga 3-4 so‘m pul olib borishiga imkoniyat paydo bo‘lardi. Shuncha pul berilganiga qaramasdan, bor-yo‘g‘i 42,8 milliard so‘mi ishlatilgan. Bu hududlardagi ko‘plab hokimlarning hujjatlarni o‘qishni mutlaq bilmasligi, Prezidentimiz yaratib berayotgan imkoniyatlardan to‘liq foydalanishni bilmasligidan yaqqol dalolat va namuna.
Joriy yilning o‘tgan davrida mehnat organlari tomonidan o‘tkazilgan monitoringlar mehnat qonunchiligi bo‘yicha jami 10 mingga yaqin qonunbuzarliklarni aniqlagan bo‘lib, ularning salmoqli qismi yoki 30 foizi xalq ta’limi, 10 foizi tibbiyot muassasalari hisobiga to‘g‘ri kelyapti. Joriy yilda muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan hududlarda “Obod qishloq” yoki “Obod mahalla” (masalan, Toshkent shahrida) loyihasi amalga oshirilishi boshlandi. Ammo, yana janob hokimlarimizning “tashabbuslari” bilan, ushbu loyihalarni amalga oshirilishi jarayonida ham byudjet tashkilotlarida ishlayotgan xodimlarning o‘z faoliyat yo‘nalishiga taalluqli bo‘lmagan ishlarga jalb etish holatlari uchramoqda.
Masalan, Andijon viloyati Ulug‘nor tumanidagi “Obod”, Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi “Shahriobod”, Andijon viloyati Bo‘z tumanidagi “G‘olib”, Buxoro viloyati Peshku tumanida “Turkiston”, Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanida “Ittifoq”, Xorazm viloyati Urganch tumanida “Turkman” mahallalarida olib borilayotgan “Obod qishloq” loyihasi bo‘yicha ishlarga maktab o‘qituvchilarini ommaviy jalb etish holatlari kuzatilgan. Samarqand viloyatining Nurobod tumanidagi Jom qishlog‘ida olib borilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlariga nafaqat Nurobod tumani tashkilotlari, balki viloyatning boshqa tumanlarining o‘qituvchi va shifokorlari ham jalb etilgan. Bu esa viloyatdagi o‘qituvchi va shifokorlarning katta e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, o‘qituvchi va shifokorlarni qishloq xo‘jaligidagi ishlarga ham keng jalb etish amaliyoti tizimga aylanib qolyapti. Masalan, o‘rganishlar davomida Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida xalq ta’limi bo‘limi xodimlari va ayrim tuman o‘rta ta’lim o‘qituvchilarining chigit ekish ishlariga jalb qilinganligi aniqlandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumanida kasb-hunar kolleji direktorlari qishloq xo‘jaligi ishlarini tashkil etish uchun fermer xo‘jaliklariga vakil sifatida biriktirib qo‘yilgan. Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanidagi barcha kollej direktorlari tomorqadan samarali foydalanish ishlarini tashkil etishga, Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanidagi sakkiz kollej uzumchilik bo‘yicha fermer xo‘jaliklariga biriktirilib, tokni ko‘mish, ochish, kesish ishlariga jalb etilgan.
Shu bilan birga, obodonlashtirish ishlari jarayonida kollej o‘qituvchilarini alohida uylarga biriktirish, noqonuniy qurilmalarni buzdirish ishlariga jalb qilish holatlari ham mavjud. Urganch shahridagi 13 ta kollej, Urganch tumanidagi sakkizta kollejning barcha o‘qituvchilari o‘zlariga biriktirilgan xonadonlarga panjaralarni olib tashlash, inshootlarni buzish, hojatxonalarni tartibga keltirish ishlariga jalb qilinmoqda. Xorazm viloyati Bog‘ot tumanidagi yettita kollejning har biriga to‘rttadan xonadonni obodonlashtirish va 300—350 metr yo‘l chekkasini tozalash doimiy ravishda majburiyat sifatida biriktirib qo‘yilgan. Farg‘ona shahridagi 25 ta kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarga Kichik halqa yo‘lini obodonlashtirish, Marg‘ilon shahridagi 12 ta kasb-hunar kollejlari va akademik litseylari o‘qituvchilarining har biriga esa Ahmad Yassaaviy ko‘chasidagi 2-3 tadan xonadonni buzish topshirilgan.
Ko‘rib turganingizdek, ta’lim muassasalari xodimlari ta’lim sifatini yaxshilash, o‘quvchilarga chuqur bilim berish o‘rniga umuman boshqa ishlar bilan shug‘ullanib yurishibdi. Yoki sog‘liqni saqlash muassasalarida ishlovchi tibbiyot xodimlari o‘z ustlarida ishlab, ko‘proq patronaj masalasi bilan shug‘ullanib, xonadonma-xonadon yurib, o‘ziga biriktirilgan xonadonlardagi bemorlarni aniqlash, ularni profilaktika qilish ishlari o‘rniga har xil majburiy boshqa ishlarga — ko‘cha tozalash, obodonlashtirish ishlariga jalb etib kelinmoqda. Eng qizig‘i, men tibbiyot xodimlarining harakatini men tushunmayman — ko‘cha supurgani oq xalatning o‘zida chiqadi-da, keyin yana o‘sha “steril” oq xalatda bemorlarga ukol qiladi, ularga qaraydi, boshqa muolajalarni qiladi. Bu, albatta, hokimlarimizning “sa’y-harakatlari” bilan amalga oshirilayotgani ham sir emas. Buning oqibatini hech kim o‘ylamaydi. Natijada keyingi yig‘ilishlarimizda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oshib ketayotganligini, maktab va kollej o‘quvchilarining chetga chiqib ketayotganligi yoki ularning bilim saviyasi tushib ketayotganligi — bularning hammasini muhokama qilib, o‘zimizga o‘zimiz qator ma’naviy zararlar yetkazayotganimizni o‘ylab ham ko‘rmaymiz.
Nafaqat bolalar bog‘chasi, maktab va akademik litseylar, kollejlar, balki oliy ta’lim tizimidagi muassasalarning xodimlarini, talabalarini majburiy ishlatish holatlari ham ko‘plab uchrab turadi. Oliy ta’lim muassasalarining 2017-2018-yillardagi holati tahlil qilinganda, respublika bo‘yicha ko‘cha supurish ishlariga 17 ming nafar, ariq tozalash ishlariga 4 ming nafar, buzish-qurilish ishlariga 7 ming nafar, dala ishlari, chopiq, chekanka, yig‘im-terimga 23 ming nafar talaba va o‘qituvchilar oliy ta’lim muassasalaridan majburan jalb etilganligi aniqlangan. Masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida jami 9 ming nafardan ortiq, Andijon viloyatida 8,5 ming nafar, Jizzax viloyatida 5 ming nafar, Namangan viloyatida 2,6 ming nafar, Toshkent viloyatida 5,5 ming nafarga yaqin talaba va o‘qituvchilar turli ishlarga jalb etilgan.
Shuncha muammo yig‘ilib qolishiga qaramay, soha rahbarlari bo‘lgan vazirlarimiz ham ushbu muammolarni bartaraf etish o‘rniga kuzatuvchi bo‘lib o‘tiribdi. Xalqimizning ko‘p yaxshi maqollari bor — “Kasalini yashirsang, isitmasi oshkor qiladi”, deydi. Mana, xalq ta’limi vaziri janob Ulug‘bek Inoyatov, nimaga shu kungacha bu borada aniq bir chora ko‘rilmagan? Yoki bo‘lmasa taklif kiritmagan? Ish beruvchi sifatida ham nima uchun birorta o‘qituvchining manfaatini himoya qilib chiqmagansiz? Ta’lim-tarbiya mazmuni, uning sifatini qachon yaxshilaysiz? Agar o‘qituvchilaringiz shu tarzda obodonlashtirish ishlariga jalb etilaversa, sifatni oshirish bo‘yicha qachon bir natijaga erishishimiz mumkin bo‘ladi?
Yoki sog‘liqni saqlash vaziri janob Alisher Shodmonov — qaysi viloyat hokimi bilan o‘zingiz ushbu masalada gaplashgansiz? Gaplashganmisiz yo yo‘qmi? Mikrofonga gapiring. Biror bir hokim bilan gaplashganmisiz: “Ey, baraka topkur, Prezidentimiz sog‘liqni saqlash sohasida shuncha islohot e’lon qilyaptilar, tibbiyot sohasini rivojlantirish, unga ko‘plab imtiyozlar berish, tibbiy xizmat saviyasini oshirish bo‘yicha shuncha ishlar olib borilayotgan bir vaqtda, og‘ayni, sen tibbiyot xodimlarini falon ishlarga jalb qilayotgan ekansan”, deganmisiz? Yoki mening oldimga kelib yoki, mana, o‘z kuratoringiz bor — bosh vazir o‘rinbosari Qahramon Akmalovning oldiga kelib, “Janob kattakon, bu hokimlarga bizning gapimiz o‘tmaydi, siz aytib bering, Prezidentimiz olib borayotgan siyosatga hilof ish bo‘lyapti, majburiy mehnat bo‘yicha berilgan shuncha topshiriqlarga qaramay, ayrim hudud rahbarlari o‘zini xuddi, kechirasizu, o‘sha joyning kichkina bir begidek tutmoqda. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, beklar ham bunday qilmagan. Shularga chora ko‘rib bering yoki shuni bir masalasini hal qilish bo‘yicha hukumatga, uning rayosatigami, rahbarlarigami bir ma’lumot kiritib bering, degan masalani na siz (Ulug‘bek Inoyatov) va na siz (Alisher Shodmonov) qo‘ymagansiz. Yo qo‘yganmisiz? Akmalov? Mikrofonga gapiring, og‘ayni.
Qahramon Akmalov, bosh vazir o‘rinbosari: Hozirgi kunda dolzarb bo‘lgan juda to‘g‘ri masala ko‘tarildi. Hozirgacha bu masala na vazirlik, na birorta hokimlik tomonidan ko‘tarilmagan.
Abdulla Aripov: Balki men eshitmay qolgandirman, siz kompleks rahbari bo‘lib, kompleks yig‘ilishida bu masalani ko‘rgandirsizlar?
Qahramon Akmalov: Yo‘q, ko‘rilmagan.
Abdulla Aripov: Ko‘rilmagan! Siz ham tomoshabin bo‘lib yuravergansiz. Internetda u-bu chiqadi, chora ko‘r, deyiladi. Nima ko‘rildi, deydi, pastdan: “Chora ko‘rildi”, deb spravka yozib beradi, shu bilan: “Ha, chora ko‘rilibdi-ku”, deb tinchiydi. Hatto selektor yig‘ilishiga tayyorgarlik jarayonida majburiy mehnat holatlari bo‘yicha: “Holat bormi, fakt bormi?”, deb Sog‘liqni saqlash vazirligidan so‘rasak, “Bizning tizimda bunday holat yo‘q”, deydi. “Bizda hatto jannat!”, deydi. “Qayerdadir kimdir kimnidir jalb qilayotgandir balki, lekin sog‘liqni saqlashdan biror bir odam jalb qilingani yo‘q”, deydi. Shunaqa javob bo‘ldimi, janob Shodmonov? Akmalov, menga kelib, shunaqa dedizmi?
Qahramon Akmalov: To‘g‘ri.
Abdulla Aripov: Keyin majbur bo‘lib, biz boshqa-boshqa joylardan so‘rab-surishtirib, mana, ming rahmat, ommaviy axborot vositalari bor, bular ham bizga yordam berdi. Bundan buyog‘iga, men o‘ylaymanki, biz ommaviy axborot vositalari bilan keng ko‘lamda ish olib borishimiz lozim bo‘ladi. Chunki ularda ham imkoniyat keng, odamlar vazirliklardan ko‘ra ko‘proq ularga ishonadi. Mana, oddiy bir misol, o‘zim internetda ko‘rib qoldim, shundan keyin janob Akmalovga aytdim: “Ey, baraka topkur, qarasangiz bo‘lmaydimi”, deb.
Mana, internetda chiqdi — Andijon viloyatida dalada ajriq yig‘ib yurishibdi, tepada harbiylarning qanaqadir vertolyoti uchayotgan ekan, shuni ko‘rsatib: “Mana, ichida kattakonlar bor ekan, shular ko‘rishi bizni olib chiqqan, ajriq yig‘yapmiz”, deydi. Ular ham qanaqadir klinikaning xodimlari edi, to‘g‘rimi? Shodmonov bo‘lsa bizda bunday holat yo‘q, deb aytadi. Bu bizda emas, boshqa joyda bo‘lsa kerak, deydi. O‘zbekcha gapirib turibdi: “Biz Andijon hududidagi falon-falon klinikaning xodimlarimiz”, deb ayollar qo‘rqmay aytib turibdi, telefonga qarab.
Bundan ko‘rinib turibdiki, ushbu masala bilan umuman shug‘ulanmagansiz, janob Shodmonov. Eng achinarlisi, oppoq xalatlarni kiyib, tibbiyot xodimlarini yo‘l chetlarida ishlatilganligi, odamlarni davolash o‘rniga boshqa ishlarni bajarayotgani sizni umuman qiziqtirmayapti. Ishga sovuqqonlik bilan qarashinglar yaqqol ko‘rinib turibdi. Kompleks rahbarining, bilmayman, vaqti yo‘q bu masalaga qarashga. O‘tiringlar. Hozircha. Hali so‘z beraman.
Afsuski, mazkur vazirliklar tizimida bunday holatlar yagona emas. Xuddi shu gaplarni boshqa yo‘nalishlarning rahbarlariga ham aytishimiz mumkin. Samarqand viloyatida, Qashqadaryo viloyatida, Jizzax viloyatida bunaqangi holatlar, ko‘zbo‘yamachiliklar ko‘plab uchraydi. Bundan keyin, boya aytganimdek, har bir shunday holat favqulodda holat deb ko‘rilib, har bir rahbarga choralar ko‘riladi. Marhamat, kun tartibi muhokamasiga o‘tamiz. So‘z — Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘rayevga. Marhamat.
Turobjon Jo‘rayev, Samarqand viloyati hokimi: Assalomu alaykum, Abdulla Nig‘matovich! Darhaqiqat, hozir o‘zingiz juda to‘g‘ri ta’kidlab aytdingiz, ijtimoiy soha xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish bo‘yicha viloyatda yo‘l qo‘yilgan va aytilgan kamchiliklar haqiqatan ham o‘rinli. Biz muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida 13-aprel kuni Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanida o‘tkazilgan viloyat faollar yig‘ilishini diqqat bilan ko‘rdik. Yig‘ilishda muhtaram Yurtboshimiz tomonidan odamlarni, ayniqsa, ijtimoiy soha vakillarini, o‘quvchi va talabalarni majburiy ravishda obodonlashtirish ishlariga olib chiqishlarni qattiq qoraladilar. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, bu men tomondan yo‘l qo‘yilgan kamchilik. Biz ijtimoiy soha vakillarini obodonlashtirish ishlariga olib chiqmaslik to‘g‘risida yig‘ilishlarda bir necha bor aytganmiz, o‘zi o‘tgan yildan boshlab turib bularning birortasi na dala ishlariga, na paxta yig‘im-terimiga jalb qilinyapti.
Lekin shunga qaramay, Kattaqo‘rg‘on tumanida bo‘lib o‘tgan hodisa hammamizni, viloyatdagi yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan barcha fuqarolarni qattiq bir qayg‘uga solgan. Biz bu holatni o‘sha kunning o‘zida o‘rganib, ichiga kirganimizda haqiqatan ham 13-mart kuni tumanda yig‘ilish qilinib, u yerda barcha tuman korxonalari rahbarlari ishtirokida Navro‘z oldi umumxalq hashariga jalb qilingan. Shundan keyin tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri butun maktab direktorlarini yig‘ib, o‘zining hududidan tashqari hududlarga, ya’ni, 42-maktab joylashgan mahalladan o‘tadigan M-37 trassada ishlashga jalb qilgan. O‘sha yerda bo‘lgan baxtsiz hodisada Diana Yenikeyeva KAMAZ yuk mashinasi urib ketishi oqibatida shifoxonada olamdan o‘tgan. Bundan keyin biz yo‘l qo‘yilgan xatoni qayta-qayta muhokama qilib, bugungi kunda choralar ko‘rdik.
Lekin bu ko‘rgan choralarimiz u odamni qaytarib bermaydi. Buni hammamiz to‘g‘ri tushunganmiz. Bundan keyin bir necha marotaba shu masala bo‘yicha tushuntirishlar berdik. Shaxsan men o‘zim fuqaroning oilasini, uning farzandini otaliqqa olib, bundan keyingi nimasiga doimiy e’tiborda bo‘lishlikni bo‘ynimga olganman. Jazo chorasi sifatida xalq ta’limi mudirini, xalq ta’limi vazirimiz bilan birga kelishib, Alisher Jumanazarovni egallab turgan lavozimidan ozod etganmiz. Shu bilan birgalikda 42-maktab direktori Nargiza Boltayeva ham egallab turgan lavozimidan o‘sha kunning o‘zida ozod etganmiz.
Abdulla Nig‘matovich, men juda yaxshi tushunaman, O‘zbekistonimiz Xalqaro mehnat tashkilotining 10 dan ortiq konvensiyalariga qo‘l qo‘ygan, qabul qilgan. Bunda majburiy mehnatni, bolalar mehnatini taqiqlovchi moddalar ham bor. Bu talablarni to‘laqonli bajarishimiz nafaqat burchimiz, qolaversa, davlatimizning obro‘ini saqlash, obro‘ini ko‘tarishga bo‘lgan hissamiz bo‘ladi. Men sizga va’da beraman — o‘sha kunning o‘zida men ijtimoiy saytlarda ham chiqib murojaat qilgandim, ijtimoiy sohaning birorta xodimi majburiy mehnatga, dala mehnatiga, obodonlashtirish ishlariga mutlaqo jalb etilmaydi. Bu to‘g‘risida men ijtimoiy tarmoqlarga ham chiqib, o‘z munosabatimni ham bildirganman. Bundan keyin ham qattiq nazoratga olaman. Biz shuni qilmasak, nafaqat mamlakatimizga, balki Prezidentimizga ham xiyonat qilgan bo‘lamiz.
Bu masalani chuqur tushunganman. Barcha tashkilotlarning rahbarlariga bu masalani yetkazib, bundan keyin birorta shunday ishlarga jalb qilmasliklari uchun ulardan tilxat ham olib qo‘ydik. Bu ishlarni amalga oshirish uchun muhtaram Prezidentimiz barcha sharoitlarni yaratib berganlar. Bundan tashqari, hududlar byudjetlarida orttirib qolgan mablag‘lari yetarli darajada, shu bois biz ijtimoiy soha xodimlarini jalb qilishimizga zarurat ham yo‘q. Ularni olib chiqishning umuman keragi yo‘q. Mablag‘ ham yetarli, texnikalar ham yetarli. Viloyat obodonlashtirish tashkilotlarida 4 mingga yaqin ishchi-xodimlar bor, joylarga chiqib, obodonlashtirish bilan shug‘ullanish — ularning vazifasi. 156 ta maxsus texnikamiz bor. Birinchi chorakning o‘zida biz 71 milliard so‘m qo‘shimcha daromad topdik. Mana shu mablag‘lar ishsiz yurganlarni yollab, ularni jamoat ishlariga jalb qilishimiz uchun yetarli. Men, avvalambor, muhtaram Prezidentimizdan uzr so‘rayman, sizdan uzr so‘rayman mana shunaqangi hodisa aynan Samarqandda yuz berganligi uchun. Bundan keyin Samarqand viloyatida — katta yig‘ilishda, katta selektorda so‘z beryapman — birorta ijtimoiy soha xodimlari majburiy mehnatga jalb etilmaydi.
Abdulla Aripov: Rahmat. Turobjon Ikromovich, siz xalq ta’limi vaziri sifatida ham ishlagansiz, bu masalani bilasiz — o‘qituvchilarning turli boshqa ishlarga jalb etilishi ta’lim sifatining tushib ketishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun, boya juda to‘g‘ri aytdingiz, nafaqat Prezidentimiz tomonidan Jamoat ishlari jamg‘armasiga ajratgan mablag‘lar, balki hozir barcha tuman, shahar byudjetlarida qolayotgan erkin qoldiqlardan ham foydalansa bo‘ladi. Hokimlar haqiqiy zamon talabiga, Prezidentimiz olib borayotgan siyosatga loyiq rahbar bo‘lib ishlayman desa, shu mablag‘dan bir qismini shu masalalarga ajratish mumkin. Bahonada juda katta ijtimoiy masalalar hal bo‘ladi — joylarda ish topolmay yurgan odamlar vaqtinchalik mehnatga jalb etish orqali bu ishlarni amalga oshirishi va odamlarga qonuniy pul ishlab topish imkonini yaratib berishga yo‘naltirish mumkin. Hozir shu masalalarga e’tiborni ko‘proq qaratish kerak. Tushunarlimi?
Turobjon Jo‘rayev, Samarqand viloyati hokimi: Juda to‘g‘ri. Tushundim.
Abdulla Aripov: Marhamat, endi Andijon viloyati. Viloyat hokimi hozir Xitoyga xizmat safari bilan uchib ketdi, shuning uchun Andijon viloyatidan hokimning birinchi muovini qatnashyapti. Egamberdiyev, marhamat.
Abdujabbor Egamberdiyev, Andijon viloyati hokimi birinchi o‘rinbosari: Assalomu alaykum, Abdulla Nig‘matovich! Hozir aytilgan e’tirozlarning hammasi o‘rinli. Prezidentimizning Sirdaryo viloyatidagi 13-apreldagi chiqishlarini ko‘rganimizdan keyin, viloyatimiz hokimi 15-aprel kuni hamma faollarni yig‘ib, ijtimoiy soha rahbarlarini yig‘ib, katta selektor o‘tkazdi, ularga 100 foiz topshiriq berdi. 16-aprel kuni televideniye orqali chiqib, ijtimoiy soha xodimlarini boshqa ishlarga jalb qilmaslik to‘g‘risida murojaat qildi, topshiriq berdi.
Yana bir narsani aytib o‘tishim kerak — siz Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Jamoat ishlari fondini tashkil qilib berganingizdan keyin, shu fondning o‘zidan foydalansak, ijtimoiy sohaga hech qanday muhtojligimiz qolmaydi. Birinchi oyning o‘zida bizga 14 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2,2 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirildi, xolos. Ya’ni, biz shu fond hisobidan jamoat ishlariga jalb qilishimiz mumkin bo‘lgan odamlarni ishlata olmadik. Hokimimiz shularning barini gapirib, hamma soha rahbarlaridan, tuman hokimlari, to‘rtta sektor rahbarlaridan ham ogohlantirish xatlarini ham oldi, bu bo‘yicha kafolat xati berdik, hamma o‘rinbosarlar ham ogohlantirildi.
Bundan keyin bunday holatlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu kamchiliklar qilinmaydi, e’tirozlar chiqmaydi. Chiqqan taqdirda javobgarlikka tortish to‘g‘risida hammasi ogohlantirildi.
Abdulla Aripov: Egamberdiyev, qarang-da, og‘ayni, hatto chiqarilgan hujjatni ham bilmaysiz. Jamoat ishlari fondi — bu Vazirlar Mahkamasining hujjati emas, bu Prezidentimizning qarorlari bilan bo‘lgan narsa. Men aytayotganim — sizlar unga qo‘shimcha qolgan erkin mablag‘dan ham jalb qilishingiz kerak. Vazirlar Mahkamasi bu qaror ijrosini ta’minlash bo‘yicha mas’ul. Bunday qaror O‘zbekiston tarixida bo‘lmagan. 714 milliard so‘m! Sizlar odamlarga foydasi tegsin deb qonuniy qilingan ishni ham yo‘lga qo‘ya olmaysizlar!
Abdujabbor Egamberdiyev, Andijon viloyati hokimi birinchi o‘rinbosari: Xulosa qildik, Abdulla Nig‘matovich. Bundan keyin takrorlanmaydi.
Abdulla Aripov: Qani, takrorlab ko‘ring ham-chi... Marhamat, Qashqadaryo viloyati hokimi.
Zafar Ro‘ziyev, Qashqadaryo viloyati hokimi: Assalomu alaykum, Abdulla Nig‘matovich. Hozir hamma topshiriqlarni juda yaqqol tushundik, Prezidentimiz 13-aprel kuni Sayxunobod tumanida bildirgan fikr-mulohazalarini juda chuqur anglab yetdik. Haqiqatan ham bizda ham mana shunaqa holatlar bo‘lgan. Biz o‘qituvchilar, ijtimoiy soha vakillarini jalb qilmaganmiz, plyonkani tagiga ekmay, ko‘zbo‘yamachilik qildi, deb chiqarishdi.
Abdulla Aripov: Bu — bitta holat. Sizlar axborot texnologiyalari zamonida yashayotganimizni esdan chiqarmasliklaring kerak — plyonka ostida nima bor, nima yo‘q — hammasini olib, ochiq-oydin ko‘tarib, chiqarib yuborishyapti. Butun dunyoga sharmanda bo‘ldingiz, og‘ayni.
Zafar Jo‘rayev, Qashqadaryo viloyati hokimi: U yerga ekilgandi-da, Abdulla Nig‘matovich.
Abdulla Aripov: Ekilmaganini ham ko‘rsatib qo‘yibdi, xohlasangiz sizga yuboraman.
Zafar Jo‘rayev, Qashqadaryo viloyati hokimi: To‘g‘ri, biz bundan o‘zimizga xulosa chiqaramiz. Abdulla Nig‘matovich, hamma gaplarni aytdingiz, hammasi 100 foiz tushunarli, birorta bunaqa jalb qilinmaydi. Hozir yana bir marta kengashib olamiz, jamoatchilik ishlari uchun ham, boshqa, obodonlashtirish ishlari uchun ham pullarimiz yetarli. Shuning uchun, men va’da beraman, Abdulla Nig‘matovich, Qashqadaryo viloyatida birorta bunday holat takrorlanmaydi. Birorta o‘qituvchi, talaba, tibbiyot xodimini jalb qilmaymiz.
Abdulla Aripov: Bugun Yurtboshimiz topshiriq berdilar, bu masala bo‘yicha O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Komiljon Allamjonov ham chiqib aytdi. Yopiq qarorni jo‘natdik, olgan bo‘lsanglar kerak. Bu ishlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqida qattiq ogohlantirish berganmiz, ikkinchidan, hududlarda bu ishlarni amalga oshirish uchun agar zarurat bo‘ladigan bo‘lsa, Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish mumkin, bundan tashqari, kerak bo‘lsa, obodonlashtirish tuzilmalarida qo‘shimcha shtat birliklari ajratish masalalari bo‘yicha ham Vazirlar Mahkamasiga viloyatlardan takliflar kiritish talab etiladi. Tushunarlimi? Marhamat, Farg‘ona viloyati hokimiga so‘z.
Shuhrat G‘aniyev, Farg‘ona viloyati hokimi: Assalomu alaykum, hurmatli Abdulla Nig‘matovich! Haqiqatan ham Farg‘ona shahri Kichik halqa yo‘lida kasb-hunar kollejlari direktorlari jalb qilinganligi bor gap. Bu yerda xonadonlarning ichkarisidagi tomorqasidan tortib jalb qilgan. Buning uchun shaharning barcha tegishli rahbarlari chorasini oldi. Shaharda eng ko‘p aholi bo‘la turib, korxona-tashkilotlar ham ko‘p bo‘la turib, obodonlashtirishda ham xodimlar yetarli bo‘la turib shunday ish qilinganligi juda katta uyat. Marg‘ilon shahridagi Ahmad Yassaviy ko‘chasini kengaytirishda aholi uylarini buzish ishlarida kasb-hunar kollejlari direktorlarini shtab a’zolari sifatida biriktirish holatlari bo‘lgan.
Hurmatli Abdulla Nig‘matovich, biz ham chuqur xulosa qildik, ayniqsa, mana shu yaratilgan sharoitdan samarali foydalanmaganimiz, 84 milliard so‘m mablag‘dan biz ham bugungi kunda 5,6 milliard so‘m o‘zlashtirdik, xolos. Bu juda katta imkoniyat. Siz aytgan barcha topshiriqlarni men yana bir marta chuqur xulosa qilib, mulohaza qilib, yozib oldim. Ta’lim, tibbiyot sohalari, byudjet tashkilotlari xodimlarini dag‘dag‘a bilan ishlatadigan hokimlar, rahbarlarning hammasiga chora ko‘ramiz. Siz tomondan yuborilgan maxsus topshiriqni ham chuqur o‘qidim. 20-aprelgacha uchta yo‘nalishni belgilab bergansiz, deputatlar, boshqa faollar bilan birgalikda ertadan katta muhokama qilamiz.
Abdulla Aripov: Rahmat! Bu muhokamaga joylardagi jamoatilik tashkilotlarini ham jalb etish kerak. Joylardagi hudud rahbarlari bu masalani umuman to‘la anglab yetayotgani yo‘q, Prezident qarori bilan ajratilgan mablag‘lar borligini bilmaydi ham, o‘qimagan ham. Bular kasal, deyapman-ku. “Eng osoni, anavi kollejni olib chiq”, deydi, shunga o‘rgangan. Endi bunaqasi ketmaydi. Bu faqat hokimlarning ishi emas, Yurtboshimizning majburiy mehnatni bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlari ijrosi nazoratiga deputatlar, hamma saylab qo‘yiladigan organlarning vakillari, fuqarolarning mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish yig‘inlari, boshqa jamoat tashkilotlari, joylardagi turli fuqarolik jamiyati vakillarini jalb etish kerak.
Nafaqat ular, balki joylardagi ijro hokimiyati organlariga bunaqangi faktlarni aniqlashda eng katta yordamchi va eng yaxshi ko‘makdosh bo‘lishi mumkin bo‘lgan tomon — ommaviy axborot vositalaridir. Davlat va nodavlat OAVlarning hammasidan biz iltimos qilamiz, turli internet-nashrlar bor, ulardan ham iltimos qilib qolamiz — majburiy mehnat holatlarini bartaraf etishda bizga ko‘makdosh bo‘lishlarini, shunday xabarlarni bizga yetkazib turishlarini, OAV orqali Davlat rahbarimiz olib borayotgan siyosatlarini tushunmaydigan rahbarlarni, kechirasizlar-u, qulog‘idan tortib, oftobga olib chiqarishni tashkillashtirishda OAV bizga keng ko‘lamda hamkor bo‘ladi degan niyat bildiramiz va shu masalada bizga yordamchi bo‘lib, birgalikda bizning yonimizda bo‘lib, shunday bema’ni illatlarni yo‘q qilishda va Yurtboshimizning bergan topshiriqlarini bajarib, yuzimiz yorug‘ bo‘lishida yordam berishlarini ulardan iltimos qilib qolamiz. Yana qaytarib aytyapman, bu kurashda eng samarali yordamchi bo‘lishi mumkin bo‘lgan tomon — bu jamoat tashkilotlari va OAV. Marhamat, so‘z Jizzax viloyati hokimi Soliyevga.
Ergash Soliyev, Jizzax viloyati hokimi: Assalomu alaykum, Abdulla Nig‘matovich, videoselektor ishtirokchilari! Haqiqatan ham, bu amaliyot yaqin-yaqin vaqtlargacha davom etib kelayotgan edi. 14-martdagi fojia va 13-aprel kuni Sayxunobodda viloyat faollari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda Davlatimiz rahbari bergan topshiriqlari, bugungi selektorda siz tomondan berilayotgan topshiriqlar bo‘yicha men viloyatdagi katta selektorda topshiriqlar berdim.
Haqiqatan ham, obodonlashtirish ishlariga ham, qishloq xo‘jaligi ishlariga ham va boshqa ishlarga ham talabalar, maorif xodimlari, tibbiyotchilarni jalb qilingan edi, shunday amaliyot bor edi. Lekin men va’da beraman, Abdulla Nig‘matovich, viloyatda bu masalalar boshqa takrorlanmaydi. Bugun ham viloyatdagi barcha studiyalarda o‘tirgan rahbarlar kelajakda shunday holatlar takrorlanadigan bo‘lsa, men boshchiligimda javob beramiz. Oldingi qilgan ishlarimiz uchun yana bir bor Davlat rahbarimizdan va sizdan uzr so‘rayman.
Abdulla Aripov: Rahmat! Siz ham, ochig‘ini aytadigan bo‘lsa, ta’lim tizimi, ilm sohasiga begona emassiz. O‘zingiz yaxshi bilasiz, agar o‘qiyotgan, o‘qitayotgan jamoalar vakillarini har xil boshqa ishlar bilan vaqtini o‘tkazadigan bo‘lsa, bu bevosita davlatni aldash. Davlatning pulini behuda, besamar ishlatish bilan bab-baravar. Bu — dushmanlik bilan bab-baravar! Shuning uchun, bu masalaga juda ham jiddiy kirishish kerak. Chunki ko‘p hududlarda, ko‘p tumanlarda boya aytilgan Bandlik jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘larni ishlatish mexanizmi ham, uning o‘zi borligini ham, pul ajratilganini ham ko‘p-ko‘p tuman rahbarlari tushunishmaydi.
Oldinlari hokimlar olib kelinib, Toshkentda o‘qitilardi. Endi, ochig‘ini aytsak, ular hammasi 10 kunga Toshkentga kelib, dam olib ketardi. Yurtboshimiz: “Bu bo‘lmaydi”, deb aytdilar. Endi joyiga borib, o‘sha yerga mutaxassislarni olib borib, joyidagi holatdan kelib chiqib, shu joydagi muammoni ko‘rsatgan holda mutaxassis yechimini ko‘rsatib berishi kerak. Shu munosabat bilan Prezident Davlat maslahatchisi, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektoriga alohida topshiriq bo‘ldi, bugun biz ham Vazirlar Mahkamasidan, hamma komplekslardan katta-katta mutaxassislarni, bosh boshqarmalarning boshliqlarini, vazir o‘rinbosarlari, vazirlarning birinchi o‘rinbosarlaridan tashkil topgan juda katta guruh vakillarini Jizzax viloyatining Arnasoy tumani hududidan boshlab o‘qitishga shu haftadan boshlab yuboryapmiz. Ular joylarga borib, hokimlarni ham o‘qitadi.
Bu vaziyatda yangi tayinlangan band va mehnat munosabatlari vazirimizga topshiriq bo‘ladi — sizdan muovingiz boradi, u aytilgan jamg‘armani qanday ishlatish mumkin, necha puldan maosh bersa bo‘ladi, necha kunga odamlarni yollasa bo‘ladi, qaysi ishlarga yollasa bo‘ladi, bularning hammasini joylarga borib, tuman hokimlariga tushuntirib berishi kerak. Dastak qilib qo‘liga berishi kerak.
Chunki, eng qizig‘i, pul bor, faqat o‘sha mexanizmini amalga oshirishga, o‘sha mexanizmni o‘qishga bularning erinchog‘ligi tutib, oson yo‘lini topib olgan: “Ana, rayONO chiqsin”, deydi, “Maktabni olib chiq”, deydi yo “Rayzdravga ayt”, deydi. Endi bunday holatlar qaytarilmasligi uchun bu masala bo‘yicha ham oddiy, sodda, vaqti eng ziq hokim ham qo‘liga olganida bir o‘qishda tushunadigan dasturcha qilib berish kerak. Shuningdek, har bir tumanga qancha pul ajratilganini ham ko‘rsatib berish kerak.
Materialning bu qismi to‘ldiriladi.
Ilgizar Sobirov, Xorazm viloyati hokimi: Assalomu alaykum, Abdulla Nig‘matovich! Prezidentimiz Sirdaryo viloyati faollari bilan o‘tkazgan yig‘ilishdagi topshiriqlari ijrosini ta’minlash nuqtai nazaridan ham bugun siz tomonidan qayd qilingan kamchiliklar bizda bo‘lgan, buni men inkor qilolmayman. Buni bartaraf qilish choralarini ko‘ryapmiz. Prezidentimiz o‘tkazgan yig‘ilishdan so‘ng biz selektor yig‘ilishida rahbarlarga byudjet tashkilotlari xodimlarini turli ishlarga jalb qilmaslik bo‘yicha qattiq topshiriq berdik.
Biz bugungi selektor yig‘ilishida ko‘rsatib o‘tilgan barcha holatlar bo‘yicha xulosa chiqaramiz, bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaymiz. Ikkinchi masala, ishsiz yurgan fuqarolarni ishga jalb qilish bo‘yicha, hukumatimizga rahmat, mana shu masalaga 41,2 milliard so‘m yo‘naltirilgan, bugungi kungacha 4,5 ming aholini ish bilan ta’minlab, 2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni ishlatdik. Bundan keyin bu masalani juda qattiq nazorat qilib, kamchiliklarni bartaraf qilamiz.
Abdulla Aripov: Birinchi chorakka ajratilgan mablag‘ning qanchasini ishlatsa bo‘lardi? Bir yilga 41,2 milliard ajratilgan bo‘lsa, birinchi chorakda shuni 10 milliardini ishlatsanglar bo‘lardi. Bor-yo‘g‘i 2 milliardini ishlatgansiz. To‘g‘rimi? Mayli, 2 milliardini ishlatganinglar ham yaxshi, shu bilan 4,5 ming odam qonuniy pul topgan. Bir martalik bo‘ladimi, mavsumiy bo‘ladimi, odamlarni majburlamay, haq to‘lab, u bilan mehnat shartnomasiga qo‘l qo‘yib, ishga yollash imkoniyati paydo bo‘ldi. Qachon bo‘lgan bunaqasi, qachon? Bundan foydalanish kerak, og‘ayni! Sizlar bo‘lsa oson yo‘liga o‘tib olgansizlar. Yana qaytarib aytyapman, yangi e’lon qilingan “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlarida bunday ishlarga yo‘l qo‘yish qat’iy ma’n etiladi. Tushunarlimi? Navoiy viloyati, marhamat.
Qobul Tursunov, Navoiy viloyati hokimi: Assalomu alaykum, hurmatli Abdulla Nig‘matovich! Hamma masalalar tushunarli. 13-apreldagi yig‘ilishni ko‘rganimizdan so‘ng, o‘zimiz ham yig‘ilish o‘tkazib, shu masalani gaplashib olgan edik. Prezident matbuot kotibi Komil Allamjonov o‘tkazgan brifingni ham diqqat bilan eshitdik. Bo‘layotgan voqealar bo‘yicha bizning ham ichimiz achidi. Shunday holatlarning oldini olish bo‘yicha, sizni ishontirib aytamanki, bizda bunaqa narsa bo‘lmaydi. Bo‘lmagan ham, bo‘lmaydi ham. Kafolatini beraman, Abdulla Nig‘matovich.
Abdulla Aripov: Rahmat. Buxoro viloyati, marhamat.
O‘ktam Barnoyev, Buxoro viloyati hokimi: Assalomu alaykum, Abdulla Nig‘matovich! Muhtaram Prezidentimiz Sirdaryoda gapirgan barcha gaplarini diqqat bilan eshitdik. Buxoro viloyatida ham hamma mana shu gaplardan keyin viloyat rahbarlari, tuman va shahar hokimlari bilan qat’iy kelishib oldik. Hammamiz va’da beramiz — bundan keyin bunaqa holatlar qaytarilmaydi. Umuman, hech kimni jalb qilmaymiz. O‘zi o‘tgan yildan boshlab — Prezidentimiz siyosatlari shu yo‘nalishda bo‘lganidan beri bu masalalarga jiddiy qarayapmiz.
To‘g‘risini aytish kerak, oldingi siyosatda paxtaga olib chiqmasa, ishdan olardik. Hozir endi mutlaqo boshqa siyosat. Buni ko‘pchilik hali tushunib yetmayapti. Lekin bugungi selektordan keyin, muhtaram Prezidentimizning kechagi gapirgan gaplaridan keyin hammaga yetib bordi. O‘ylaymanki, hammaning mas’uliyati va vijdoni o‘zida, bunday masalalarga nisbatan o‘zimiz ham qattiq va keskin choralarni ko‘ramiz.
Abdulla Aripov: Albatta, to‘ppa-to‘g‘ri aytib o‘tdingiz. Oldin majbur qilardik o‘zimiz, o‘zimiz bosh bo‘lib, bayroqni ko‘tarib, majbur qilib, chiqmaganni: “Nega kam odam olib chiqding! Buncha odam o‘qiydi yo buncha odam ishlaydi, nega kam chiqdi?”, deb o‘zimiz ham shunday ishlar qilganmiz. Lekin siyosat o‘zgardi. Yurtboshimiz umuman boshqa siyosat, xalqparvar siyosat e’lon qildilar. BMTning eng yuqori minbaridan turib, “Shunaqa kamchiliklarimiz bor, shunaqa ishlarni amalga oshiramiz”, deb aytib o‘tdilar.
Bu bo‘yicha endi biz sobitqadamlik bilan, Prezidentimiz bergan topshiriqlariga yeng shimarib qat’iyatlik bilan kirishishimiz kerak. Bo‘ldi, bundan buyog‘iga qonun doirasida ishlashimiz kerak. Qonun doirasida deganim — jamoat ish bo‘ladi, buni rad etib bo‘lmaydi, lekin bunga boya aytilgan Bandlik jamg‘armasi mablag‘larini ishlatib, vaqtincha ishsiz yurgan odamlarni jalb qilish kerak. Kerak bo‘lsa, erkin qoldiqlardan foydalaninglar. Mana, Buxoro viloyati ham birinchi chorakdan qancha-qancha daromad bilan chiqdi. To‘g‘rimi?
O‘ktam Barnoyev: 152 milliard so‘m.
Abdulla Aripov: E, qachon bo‘lgan bunaqasi, qachon?
O‘ktam Barnoyev: Hech qachon bo‘lmagan.
Abdulla Aripov: Shuning uchun, shu masalalarda ham endi buyog‘iga qolgan hamma tuman, shahar rahbarlaridan ham tilxatini olib, qattiq nazoratga olish kerak bo‘ladi. Rahmat, rahmat! Sirdaryo viloyati, marhamat!
G‘ofurjon Mirzayev, Sirdaryo viloyati hokimi: Assalomu alaykum, Abdulla Nig‘matovich! Telefonda aytdingiz, bugun yopiq hujjatingizni oldik.Muhtaram Prezidentimiz Sayxunobodda gapirganlarida “Sirdaryo namunasi” degan bir gapni gapirdilar, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda biz fondni juda yaxshi ishlatyapmiz. Bugungacha 3,8 ming kishini ishga oldik. Ma’ruzangizda Gulistondagi qabristonlarni obodonlashtirishga jalb etilgani haqida gapirildi, bu masala bo‘yicha oxiriga yetib, javobini sizga aytaman. Bu masala bo‘yicha muammo bo‘lmaydi. Endi Sirdaryoning birorta joyida ijtimoiy soha xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish holatlari bo‘lmaydi. Men sizga va’da beraman, Abdulla Nig‘matovich.
Abdulla Aripov: Rahmat. Mabodo qayerdadir qo‘shimcha shtatlar kerak bo‘ladigan bo‘lsa, qo‘shimcha qandaydir yordam kerak bo‘ladigan bo‘lsa, bu borada ham takliflarni berasiz, bu bo‘yicha ham biz iqtisodiy kompleks bilan birgalikda bu masalalarni ko‘rib chiqamiz. Xudoga shukr, imkoniyatimiz juda katta. Yurtboshimiz ajratgan mablag‘, bundan tashqari, byudjetlardagi erkin qoldiq mablag‘lar. Yurtboshimiz kerak bo‘lsa yana qo‘shimcha mablag‘ ajratishga topshiriq berdilar. Biz bu masalalarni ko‘rib chiqishga tayyormiz. Imkonimiz bor. Faqat buni endi to‘g‘ri va samarali ishlatib, bachra byudjet tashkilotlari xodimlarini o‘z ishi bilan shug‘ullanishiga imkon yaratib berishimiz kerak. Shundagina meditsina xizmatlarining ham sifati oshadi, ta’lim sifati oshadi va hokazo. Kelishdikmi? Marhamat, Toshkent viloyati.
Odilxon Rustamov, Toshkent viloyati hokimi birinchi o‘rinbosari: Assalomu alaykum, Abdulla Nig‘matovich! Yig‘ilishda aytilgan holatlar bizda ham mavjud. Tozalash, obodonlashtirish ishlariga ijtimoiy soha xodimlarini jalb qilmaslik bo‘yicha barcha chora-tadbirlarni belgilab oldik. To‘rtta raqamga to‘xtalib o‘tmoqchi edim. Toshkent viloyatida hali hech bunaqa bo‘lmagan — birinchi chorak daromadlarini 156 milliard so‘mga bajarib, 100 milliard so‘mdan ortiq pul o‘zimizda qoldi.
Ikkinchidan, jamoat ishlari bo‘yicha bizga 84 milliard so‘m berilgan, hozir 1 milliarddan ortiq maosh to‘lab, 2,5 mingdan ortiq odamni ishga oldik, bu yerda ham juda katta zaxiramiz bor. Birinchi chorakda bemalol 20 milliardini ishlatsak bo‘lardi, lekin pastdagi hokimlar ham, biz ham pulni ko‘rib, ishlatishni bilmay turgandik. Uchinchi masala — “Obod qishloq” dasturini ishlab chiqishda o‘zim ham ishtirok etgandim, bu dastur Prezidentimiz oldiga besh-olti marta kirib chiqdi. Shunda ular bir masalani qo‘ydilar — har bir ishlatiladigan mixni ham, ishchini ham mablag‘i bilan birga ko‘rsat, dedilar. Shunda 177 milliard so‘m pulni topib berdilar, 50 foizini mahalliy byudjetning ortib qolganidan, qolgan 50 foizi men respublika byudjetidan beraman, dedilar. Buning hisob-kitobini qilib qo‘yganmiz, “Obod qishloq” uchun mablag‘ yetarli.
To‘rtinchi — dalaga olib chiqib ishlatish bo‘yicha. Paxta va g‘allaning narxlari oshirilganidan keyin o‘zim tahlil qilib ko‘rdim. Oxirgi 10 yildan beri fermerlar 100 million so‘mdan 500 million so‘mgacha maosh tarqatgan ekan. Bugungi kunda hozir 9 milliard so‘mdan ziyod maosh berdik. Oldin pul bo‘lmagani uchun odamlarni dalaga olib chiqishga majbur bo‘lingan. Biz to‘liq xulosa chiqardik. Viloyatdagi barcha tuman va shaharlar hokimlari, barcha joylardagi rahbarlardan shu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha kafolat xatlari olindi. Abdulla Nig‘matovich, va’da beramiz — Toshkent viloyatida bu kabi holatlar qaytarilmaydi.
Abdulla Aripov: Rahmat! Marhamat, so‘z Toshkent shahar hokimiga.
Rahmonbek Usmonov, Toshkent shahar hokimi: Hurmatli Abdulla Nig‘matovich, kecha sizdan kelgan xatni olib, berilgan topshiriqlar bo‘yicha 18-aprel kuni soat 15:00 da Toshkent shahar deputatlar kengashini o‘tkazamiz. Bundan tashqari, salbiy holatlar bizda ham bor. Yaqinda o‘zingizga ham hisobot berdim, Yashnobod tumanidagi tibbiyot xodimlari “Ashxobod” parkiga (tozalashga) chiqqani bo‘yicha. Bunga ham o‘zimiz sababchi. Bunga o‘zimiz yo‘l ochib berganmiz. Shu holatlarni ham e’tiborga olib, qat’iyat bilan aytamanki, bugungi majlisdan keyin, hurmatli Prezidentimizning bugungi bergan topshiriqlaridan keyin agar kimdir shu ishni qiladigan bo‘lsa, bu hozir biz olib borayotgan siyosatimizga teskari ish, siyosatimizga xiyonat deb qabul qilamiz. Bu balandparvoz gaplar emas. Mana, telestudiyada ham hamma eshitib o‘tiribdi.
Bundan tashqari, topshirig‘ingiz bo‘yicha birinchi marta mana shunday ichki majlisimizga ochiqchasiga chaqirdik. Ular ham kelishib oldik — majburiy mehnatga jalb etish bilan bog‘liq voqealar bo‘ladigan bo‘lsa, ikkilanmay, ochiq-oydin nazoratga oladigan bo‘ldik. Biz ham hech narsani yashirmay borini beramiz, jurnalistlarimiz ham qo‘shib yozmay, borini ko‘rsatadigan bo‘ldi. Qanchalik oshkoralik bilan ishlasak, qilayotgan ishlarimizga shuncha foyda bo‘ladi, deb o‘ylayman. Man sizga va’da beraman — bundan keyin Toshkent shahrida birorta bunday hodisa ham, xabar ham bo‘lmaydi.
Abdulla Aripov: Rahmat! Rahbarlar bir narsani tushunishi kerak — bundan buyog‘iga yana shunday holat bo‘lishi — xiyonat. OAV vakillarini jalb etganinglar juda yaxshi ish bo‘libdi. Biz ijro hokimiyati organi sifatida ularni hamkorlikka chaqiramiz. Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev to‘g‘ri aytdi, oldinlari qo‘lga kaltakni olib, “Qani, dalaga chiq!”, “Qani, paxtaga chiqar odamlarni!”, deb, hammasiga do‘q-po‘pisa qilinardi. Hozir zamon o‘zgardi. Prezidentimiz zamonni umuman o‘zgartirdilar. Yondashuvni o‘zgartirdilar. Umuman yondashuv boshqacha bo‘ldi.
Majburiy mehnat degan bema’ni illatlarni biz faqat o‘z kuchimiz bilan tag-tugi bilan yo‘q qila olmaymiz. Jamoatchilik yonimizga qo‘shilishi kerak. Ular bizga maslahatchi bo‘lib, shunday holatlar bo‘lsa, bizni xabardor etib tursa, uzoqni ko‘ra bilmagan kaltabin rahbarlarga chora ko‘rish bo‘yicha faktlarni ma’lum qilib tursa, ommaviy axborot vositalaridan ham biz iltimos qilamiz — mana shunday holatlar bo‘yicha bizga yordam bersa, faktlarni bildirib tursa, bunday holatlarni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib borsa. Aslida, mana shunaqangi bema’ni illatlarga qarshi kurashish — jurnalistikaning jamiyat oldidagi asosiy majburiyatlaridan biri.
Men davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalaridan iltimos qilaman — majburiy mehnat degan illatni tag-tugi bilan yo‘q qilishda biz bilan hamkorlik qilishsin, bizga yordam berishsin. Nafaqat shahar hokimligi, balki tuman hokimliklari ham bu masalada OAV bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi kerak. Chunki, ochig‘ini aytish kerak, ba’zida aynan ijtimoiy sohadagi ayrim shaxslarning o‘zi ham o‘zini mana shunday illatlardan soqit qila olmaydi. Shuning uchun bu illat bilan biz doimiy, kundalik ravishda kurashishimiz kerak. Marhamat, so‘z xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatovga.
Ulug‘bek Inoyatov, xalq ta’limi vaziri: Assalomu alaykum, Abdulla Nig‘matovich, yig‘ilish ishtirokchilari. To‘g‘risini aytadigan bo‘lsak, rahbar sifatida o‘zimda ham bu borada jur’at, qat’iyat yetishmagan. Bir xayrixoh bo‘lib, bu narsani vatanparvarlikka ham yo‘yib, shu ishlarga birgalikda chiqish masalasida o‘zim ham tepasida turganman. O‘sha vaqtda siyosatimizning o‘zi ham shunga mos edi. Chunki biz ziyolilar bu jarayonda qatnashmasak, o‘zimizni chetga olib tursak, bu ham bizning jamiyatdagi o‘zgarishlarga bizning munosabatimiz sifatida qaralgan. Hozirgi kunda xalq ta’limi tizimida 675 ming nafarga yaqin xodimlari ishlashadi, bu pedagog, texnik xodimlari. Albatta, bu juda katta kuch. Men bularning har biriga yetib borolmayman, lekin ularga huquqlari, mehnat qilish huquqi, qonuniy va noqonuniy mehnatning farqi to‘g‘risidagi tushunchalarni berib boramiz, seminarlar tashkil qilamiz. Bugundan xulosa chiqardik, o‘zimizning kollegiyada ham, yig‘ilishlarimizda ham bu masalani yetkazib, har bir xodimning o‘z huquqini himoya qilish masalasini yetkazib qo‘yamiz.
To‘g‘risini aytadigan bo‘lsak, bunday o‘zgarishlarga moslasha olmadik. Shuni oqibatida mana shu holatlar kelib chiqdi. Samarqanddagi holat bo‘yicha shaxsan o‘zim borib, bu masala bo‘yicha shug‘ullanganimda ma’lum bo‘ldiki, bu hammasi og‘zaki-og‘zaki topshiriqlarga aylanib ketgan, lekin hech kim qog‘ozda bunday topshiriq bergan emas. Xalq ta’limi bo‘limi mudiri, bo‘yniga olib: “Men og‘zaki topshiriq bergandim”, deb o‘zi tan olib, ariza yozib bergach, o‘sha kuni ishdan olindi. Maktab direktori ham joyida bo‘lmagan, direktor o‘rinbosari o‘sha yo‘nalishga chiqarib yuborgan. Biz uchun bu juda ayanchli holat, deb qarayman. O‘zimiz shu masalada to‘g‘ri turmaganmiz, xavfsizlik qoidalariga ham rioya etilmagan. Xodimlar bundan buyon ham jamoat ishlariga jalb qilingudek bo‘lsa, bu qonuniy asosida bo‘lishini ta’minlash, agar rostdan ham qatnashadigan bo‘lsa, daromad ko‘rishlari uchun shartnomalar tuzgan holda bu jarayonda qatnashishlari bo‘yicha ish olib boramiz. Yoki bo‘lmasa, hali paxta yig‘im-terimi davri keladi, ayrim xodimlar, texnik xodimlarda pul ishlash masalasi bo‘ladi — shunda ham shartnomalar tuzgan holda, qonuniy ravishda ishlash lozimligini yetkazishga so‘z beramiz.
Abdulla Aripov: Bir narsani to‘g‘ri aytdingiz, ko‘pchilik hozirgi yangi talablarga, o‘zgargan sharoitga moslasha olmayapti. Hali ham o‘sha eskicha ura-ura! Bir fikringizga qo‘shila olmayman — to‘g‘ri, 675 ming kishi ko‘p, lekin “ularning hammasiga yetib bora olmayman” deyish o‘rinsiz. Vazir nazoratda ushlab turishi kerak, aks holda bu qanaqa rahbar bo‘ladi? Shodmonov, siz nima deysiz?
Alisher Shodmonov, sog‘liqni saqlash vaziri: Assalomu alaykum, hurmatli Abdulla Nig‘matovich, yig‘ilish qatnashchilari! Haqiqatan ham men rahbar sifatida shu masalaga e’tibor bermaganman va nazoratga olmaganman. Muhtaram Prezidentimiz Sayxunobod tumanida o‘tkazgan yig‘ilishidan so‘ng ertasiga Jizzax viloyatida butun soha vakillarini, rahbarlarini to‘plab, deputatlar, kasaba uyushmasi, jamoatchilik ishtirokida hokimiyat vakillari bilan birgalikda yig‘ilish o‘tkazdik. Bunda mana shu masalalar ko‘rib chiqilib, har bir viloyatda shunday yig‘ilish o‘tkazish bo‘yicha reja qilib oldik. Shu bilan bir qatorda 19-aprel kuni soat 14:00 da bosh vazir o‘rinbosari Qahramon Akmalov boshchiligida butun respublika bo‘yicha selektor o‘tkazishni rejalashtirdik.
Shu bilan bir qatorda har bir boshqarmamizda va vazirlikda nazorat guruhlarini tashkil etdik. Ishonch telefonlariga xabar berish tizimini yo‘lga qo‘yyapmiz. Har bir rahbarimiz va xodimlarimizning huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha ham ishlar olib borishimiz kerak. Bu borada ham o‘zimizga chora-tadbirlar belgilab oldik. Men muhtaram Prezidentimizga va sizga minnatdorchilik bildirmoqchiman, chunki ijtimoiy soha, ayniqsa, tibbiyot xodimlarini bunday noqonuniy ishlarga jalb etishdan qalqon bo‘lib, to‘siqlarni qo‘yib beryapsizlar. Shuning uchun minnatdorchilik bildiraman. Bu borada ortiq bunday xatoliklarga yo‘l qo‘ymaslikka va’da beraman.
Abdulla Aripov: Endi, og‘ayni, mahalliy hokimiyat organlariga advokatlik qilishni yig‘ishtirib qo‘yasiz. Tushundingizmi? Sizni ogohlantirib qo‘yaman. Agar shunaqa fakt bo‘ladigan bo‘lsa, sizga boshqacha chora ko‘riladi. Siz o‘z qo‘l ostingizda ishlayotgan xodimlarga advokat bo‘lishingiz kerak. Mahalliy hokimiyat organlarining yonini olib, ularga gap tegmaydigan qilish yoki ular bilan munosabatni buzib qo‘yishdan qo‘rqib yashaydigan bo‘lsangiz, ish ketmaydi unda. Marhamat, Namangan viloyati.
Xayrullo Bozorov, Namangan viloyati hokimi: Assalomu alaykum, Abdulla Nig‘matovich! Hamma e’tirozlar to‘g‘ri. Bugungi yopiq xatingizni ham oldik. Prezidentimizning Sayxunoboddagi faollar yig‘ilishida aytgan gaplarining o‘ziyoq hammamizga yetarli. Haqiqatan ham, hammamiz o‘rganib qolgandik. Oldin boshqa kuchimiz ham, boshqa vositamiz ham yo‘q edi. O‘zingiz hamma narsani aytdingiz. Hozir hamma imkoniyat, sharoitlar bor. Mahalliy byudjetdagi erkin qoldiqlar, qolaversa, jamoat ishlarini tashkil qilish bo‘yicha ajratilgan 60 milliard so‘m pul bor. Abdulla Nig‘matovich, hammasi tushunarli. Biz o‘sha kuniyoq, Sayxunoboddagi yig‘ilishdan keyin tezkor yig‘ilish qilib, hamma kafolat xatlarini oldik, kelishib oldik. Bu masalani qat’iy nazoratga olamiz, birorta bunday holatga yo‘l qo‘ymaslik kafolatini beramiz.
Abdulla Aripov: Rahmat. So‘zga chiqadiganlar bo‘lmasa, u holda yakunlaymiz, videoselektorning barcha ishtirokchilari yozib olishlarini so‘rayman. Quyidagi vazifalarni amalga oshirish lozim:
Birinchidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, hududiy va tuman (shahar) hokimliklarining hududlarni obodonlashtirish ishlari uchun mas’ul bo‘lgan boshqalari faoliyatini tanqidiy o‘rganib chiqishlari va samaradorligini oshirish, kerak bo‘lsa, o‘zgartirish kiritish bo‘yicha taklif kiritishlari lozim bo‘ladi. Hudud miqyosida o‘tkaziladigan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishda xodimlar mehnat huquqlari buzilishining oldini olish va fuqarolarning jamoat ishlariga qonuniy jalb etilishiga alohida e’tibor qaratilishi topshiriladi.
Ikkinchidan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (Kudbiyev), Kasaba uyushmalari federatsiyasi (Rafikov), Savdo-sanoat palatasi (Ikramov) bilan birgalikda majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan davlat va jamoatchilik nazoratini tashkil etadilar, bunda ayniqsa byudjet tashkilotlari xodimlarini qishloq xo‘jaligi, kommunal xo‘jalik, obodonlashtirish, qurilish, ikkilamchi xomashyo yig‘ish ishlariga majburan jalb etilmasligini alohida nazoratga oladilar. Aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan tegishli huquq-tartibot organlarini ogohlantirish va ularning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan choralarni ko‘radilar.
Majburiy mehnatni bartaraf etishga qaratilgan sa’y-harakatlari doirasida joylarda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan xodimlarning huquq va manfaatlarini ta’minlanishi, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi ishlaridagi faoliyati yuzasidan tizimli monitoringni kuchaytiradilar. Ommaviy axborot vositalari va internet-nashrlarda yoritiladigan majburiy mehnat to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tizimli ravishda o‘rganib boradilar hamda OAV va internet-nashrlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yadilar. Majburiy mehnat va inson huquqlari kamsitilishi aniqlangan har bir vaziyat bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida chora ko‘radilar va Vazirlar Mahkamasida maxsus komissiya tuziladi.
Uchinchidan, Kasaba uyushmalari federatsiyasi (Rafikov)ga tegishli tarmoq kasaba uyushmalari bilan birgalikda korxona, tashkilot-muassasalardagi xodimlarni majburiy mehnatga jalb etishga qarshi qat’iy choralar ko‘rish, bunda mehnat inspeksiyalari, sud, prokuratura organlari bilan hamkorlikni yo‘l qo‘yish, hokimiyat topshirig‘iga binoan xodimlarning ish haqlaridan qonunga hilof ravishda mablag‘ ushlab qolish, g‘o‘za parvarishi, paxtakorlarga, kommunal to‘lovlarga, tekshiruvchilarga, obodonlashtirishga, gul yoki daraxt ko‘chatlarini sotib olish va hokazolarga, qonun hujjatlaridagi tartibga rioya etmagan holda hashar va shanbaliklar e’lon qilish amaliyotiga barham berish, xodimlar mehnatini muhofaza qilishga, shu jumladan, ularni tibbiy ko‘rikdan bepul o‘tkazishga, zararli mehnat sharoitlarida ishlovchilarni maxsus kiyim-bosh va shartli himoya vositalari, sut mahsulotlari, davolash-profilaktika oziq-ovqatlari bilan ta’minlashga mablag‘ ajratilishini tashkil etish tavsiya etiladi.
To‘rtinchidan, Xalq ta’limi vazirligi (Inoyatov), Sog‘liqni saqlash vazirligi (Shodmonov), Maktabgacha ta’lim vazirligi (Shin), Kasb-hunar ta’limi markazi (Xolmuhamedov) vazirlik va idoralar tizimidagi xodimlardan ularning mehnat vazifalari doirasiga kirmaydigan ishlarni bajarishni qonunga hilof yoki xodim va boshqa shaxslarni hayoti, sog‘lig‘i uchun xavf tug‘diruvchi, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlar qilishning oldini olish bo‘yicha keskin choralar ko‘radilar. Mahalliy hokimliklar tomonidan xodimlarni boshqa ishlarga majburan jalb etish to‘g‘risida topshiriqlar berilganida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi ishonch telefonlariga zudlik bilan xabar berish yo‘lga qo‘yiladi.
Nafaqat ularga xabar berish kerak, men aytganimdek, bosh vazir o‘rinbosari Qahramon Akmalov rahbarligida komissiya tuziladi, unga a’zo bo‘lasizlar, o‘sha komissiyaga xabar berasizlar. Tushunarlimi? Qahramon Akmalov esa menga xabar beradi.
Tizimdagi barcha malaka oshirish muassasalarida xodimlarning mehnat sohasidagi huquqiy savodxonligini va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan o‘quvchilarni tashkil etasizlar.
Beshinchidan, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mehnatga majburlash holatlari yuzasidan mansabdor shaxslarga nisbatan keskin choralar ko‘rib borishini so‘rab qolamiz.
Oltinchidan, O‘zMTRK (Xodjayev), O‘zA (Ko‘chimov), O‘zMAA (Tangriyev) va boshqa nodavlat ommaviy axborot vositalarida OAV majburiy mehnatga yo‘l qo‘yayotgan rahbarlarni chiqarib, ularni butun jamoatchilikka ko‘rsatish va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ma’lumotlar va ijtimoiy roliklar berib borilishini yo‘lga qo‘yish so‘raladi.
Mavjud holatlar bo‘yicha:
Maktabgacha ta’lim muassasalari rahbarlariga shahar ko‘chalarini obodonlashtirish uchun ish haqlaridan o‘zlariga tegishli bo‘lgan tadbirkorlardan qimmat narxlardan gul va daraxt ko‘chatlarini sotib olishga majburlagan Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayev va Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Rahmonovga hayfsan e’lon qilinadi va oxirgi marta ogohlantiriladi;
Shahrixon tumani hokimi Hikmatullo Dadaxonovga — ta’lim tizimi xodimlarini ko‘cha tozalash, mahallalarni obodonlashtirish, yo‘l chetlariga gul ektirish, dala ishlariga muntazam ravishda jalb etish holatlari kuzatilgani uchun hayfsan e’lon qilinadi;
Oltinsoy tumani hokimi Erkin Boyniyozovga — tumandagi sakkizta kasb-hunar kollejini uzumchilik bo‘yicha fermer xo‘jaliklariga tokni ko‘mish, ochish, kesish, xomtok qilish bo‘yicha biriktirib qo‘ygani va kollejlarda 2 tonnadan 6 tonnagacha metallolom topshirish majburiyati yuklagani uchun hayfsan e’lon qilinadi.
Metallolom majburiyati allaqachon qolmadi. Hamma o‘z ixtiyori bilan olib borib topshiryapti. Metkombinat to‘laydigan pulini besh barobar oshirgan edi, odamlar shundoq olib borib topshiryapti. Bekobod metallurgiya kombinati hech qachon buncha metallolom qabul qilmagan. Hozir ortig‘i bilan metall olgan, omborxonalari to‘lib ketgan. Kollejlarni bunday ishga jalb qilish hech bir jihatga to‘g‘ri kelmaydi.
Bog‘ot tumani hokimi Jo‘rabek Rahimovga — tumandagi yetti kollejning har biriga to‘rttadan xonadon, 300—350 metrdan yo‘l chekkasini obodonlashtirish uchun biriktirgani uchun hayfsan e’lon qilinadi;
Uchko‘prik tumani hokimi Yo‘lchiboy Boyjigitovga — ta’lim tizimi xodimlarini ko‘cha tozalash, mahallalarni obodonlashtirish, yo‘l chetlariga gul ekish va dala ishlariga muntazam ravishda jalb etib kelgani uchun hayfsan e’lon qilinadi;
Samarqand viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Rustam Yo‘ldoshevga — viloyat xalq ta’limi muassasalari xodimlarini obodonlashtirish ishlariga jalb etishni tizimli ravishda amalga oshirgani uchun hayfsan e’lon qilinadi;
Toshkent viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Shukur Burhonovga — viloyat xalq ta’limi muassasalari xodimlarini obodonlashtirish ishlariga jalb etishni tizimli ravishda amalga oshirgani uchun hayfsan e’lon qilinadi;
Xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov va Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga ham men hayfsan e’lon qilaman. Sog‘liqni saqlash vaziri bu faktlarni yashirishga harakat qilgani uchun, xalq ta’limi vaziri esa shunday holatlar bo‘lganida bizga xabar bermay, prinsipsizlik qilgani uchun.
Shuningdek, barcha viloyat, shahar va tuman hokimlarini qat’iy ogohlantiraman — biror bir shunaqangi holat qayd etilgudek bo‘lsa, bundan buyog‘i, mana, Yurtboshimiz bahoni berib, aytdilar, Prezident matbuot kotibi ham o‘qib eshittirdi — bu Davlat rahbari olib borayotgan siyosatga xiyonat bo‘ladi. Shunga yarasha nafaqat lavozimidan ozod qilinadi, balki qonun oldida ham javob beradi. Shuncha imkoniyatlar yaratildi, hududlar foydalanishi uchun erkin mablag‘lar qoldirilmoqda, jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish mumkin. Imkoniyatdan foydalmagani uchun ham endi rahbarlarga chora ko‘ramiz. Bu mahalliy hokimiyat rahbarlari bo‘ladimi yoki byudjet tashkilotlari rahbarlarimi yo vazirlar bo‘ladimi — farqi yo‘q. Qonun oldida jazo muqarrarligini ta’minlaymiz.
Izoh (0)