Shahrisabz shahrida joriy yil 6—10-sentabr kunlari xalqaro maqom san’ati anjumani o‘tkaziladi. Bu O‘zbekiston Prezidentining “Xalqaro maqom san’ati anjumanini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan.
YuNESKO shafeligidagi anjuman doirasida “Maqom musiqa san’ati va uning jahon sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tadi.
Shahrisabz shahridagi Oqsaroy maydonida maqom san’atiga oid turli ko‘rgazmalar, milliy sozlar va liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san’at asarlari, haykaltaroshlik namunalari, badiiy va hujjatli filmlar, audio va video disklar, kitoblar, albomlar, fotosuratlar namoyishi va ularning sotuvi tashkillanadi.
Tadbirga tashrif buyuradigan xorijiy mehmonlarga Toshkent shahri va Qashqadaryo viloyatidagi mehmonxona va ovqatlanish xizmatlari uchun 50 foizlik chegirma taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Xalqaro maqom san’ati anjumani ikki yilda bir marotaba o‘tkaziladi. Shahrisabzning Oqsaroy maydonida maqom san’atiga bag‘ishlangan muzey va milliy sozlar laboratoriyasi tashkil etiladi.
Izoh (0)