24—26-mart kunlari O‘zbekiston Milliy gvardiyasi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa va san’at akademik litseyida damli va zarbli cholg‘u ijrochilarining “San’at g‘unchalari” XX respublika tanlovi o‘tkazildi. Bu haqda tanlov tashkilotchilari “Daryo”ga xabar berdi.
Tashkil etilgan tanlovning asosiy maqsadi respublikadagi musiqa va san’at maktablari hamda ixtisoslashtirilgan musiqa va san’at akademik litseylarida damli va zarbli cholg‘u ijrochiligi bo‘yicha tahsil olayotgan o‘quvchilarning intilishlarini yanada qo‘llab-quvvatlash, ular orasidan iqtidorli yoshlarni izlab topish, o‘quvchi yoshlarning iste’dodi va ijodiy qobiliyatini namoyon etishi uchun imkoniyatlar yaratish, o‘quvchilarda o‘zlari tanlagan ixtisosliklarni chuqur o‘rganishga qiziqishini yanada oshirishdan iborat.
Tanlovda an’anaviy tarzda respublikadagi bolalar musiqa va san’at maktablari o‘quvchilari hamda O‘zbekiston Milliy gvardiyasi va madaniyat vazirligi tasarrufidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseylarning 5—9-sinf o‘quvchilari ishtirok etdi.
Tanlovda ishtirok etgan jami 126 nafar ishtirokchilarning 63 nafari tanlovning sovrinli o‘rinlarini qo‘lga kiritdi. Ayniqsa Toshkent shahar, Andijon, Xorazm, Navoiy, Samarqand, Farg‘ona, Namangan viloyatlari bolalar musiqa va san’at maktablari, R. Gliyer va V. Uspenskiy nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyda hamda Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa va san’at akademik litseyi o‘quvchilari faol ishtirok etdi.
Izoh (0)