Trinidad va Tobago Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘z xodimlarining ko‘z o‘ngida ikki metrli kaymanni (Markaziy va Janubiy Amerikada yashovchi timsohlarning bir turi) yutib yuborishga uringan 3,7 metrli anakonda hozirda odamlar uchun xavf tug‘dirmayotganini ma’lum qildi, deb xabar beradi The Trinidad Guardian.
Ulkan ilonni Trinidad orolining shimolida joylashgan ferma xodimi u o‘z o‘ljasini yutayotgan vaqtida payqab qolgan. “Ilonni mahalliy hududdagi ko‘lning oldiga borgan ishchilardan biri ko‘rib qolgan”, — deydi veterinar Neshal Rampersad. Uning so‘zlariga ko‘ra, sodir bo‘lgan voqea xuddi National Geographic’ning filmlariga o‘xshab ketgan.
Ko‘lning atrofiga yig‘ilgan odamlar sudralib yuruvchini o‘z mobil telefonlariga tasvirga ola boshlangan. Tomoshabinlardan biri anakondaga tegingach, u kaymanni tashlab suv ostida qochib ketgan. Birozdan keyin ferma xodimlari uni suvdan chiqarib olgan.
Voqea joyiga Vest-India universitetidan gerpetolog olib kelingan. Mutaxassis bilan maslahatlashilganidan so‘ng, hukumat vakillari anakondani tinch qo‘yishga qaror qildi. Agar kelajakda ilon ferma xodimlari yoki hayvonlar xavfsizligiga tahdid uyg‘otsa, boshqa joyga ko‘chirib o‘tkaziladi.
Bundan olti yil oldin Trinidadda uzunligi 5,2 metr, og‘irligi 100 kilogramm bo‘lgan anakonda qo‘lga olingandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu so‘nggi 30 yil ichida Janubiy yarimsharda aniqlangan eng katta ilon hisoblanadi.
Izoh (0)