KXDR Davlat kengashi raisi Kim Chen In va uning marhum otasi Kim Chen Ir 1990-yillarda G‘arb mamlakatlariga viza olish uchun boshqacha ism-sharif ostida berilgan Braziliya pasportlaridan foydalangan. Bu haqda Reuters Yevropa maxsus xizmatlaridagi manbasiga tayanib xabar berdi, deb yozadi “TASS”.
Ikkala pasport ham 1996-yilda Braziliyaning Praga (Chexiya)dagi elchixonasi tomonidan berilgan. Agentlik ushbu hujjatlarning birinchi sahifalari fotonusxalarini e’lon qildi. Shaxsni aniqlash bo‘yicha zamonaviy texnologiyalar Braziliya pasportlarida San-Paulu shahri fuqarolari deya qayd etilgan KXDRlik mansabdorlarning shaxsini tasdiqlagan.
Kim Chen In va Kim Chen Ir ushbu pasportlardan aynan qaysi mamlakatlarga viza olishda foydalanganligiga, viza olishga muvaffaq bo‘lgan-bo‘lmaganligiga aniqlik kiritilmadi. Ammo “kamida ikkita G‘arb mamlakati”ga viza olishga uringanligi aytilmoqda, xolos.
KXDRning Braziliyadagi elchixonasi izohlardan bosh tortgan. Xabarlarga ko‘ra, Braziliya tashqi ishlar vazirligi ushbu axborotni tekshirmoqda.
Chet el matbuoti ma’lumotlariga ko‘ra, Kim Chen In 1996—2001-yillarda Bern (Shveysariya)dagi Xalqaro maktabda o‘rta ta’limni olgan.
Izoh (0)