Eron Oliy sudi Shvetsiya fuqaroligiga ega bo‘lgan, Flamandiyaning Bryussel ozodlik universitetida o‘qituvchilik qilgan eronlik Ahmadrizo Jaloliyni o‘lim jazosiga hukm qilganini tasdiqladi, deb yozadi “Interfaks”.
Asli eronlik o‘qituvchi Jaloliy oilasi bilan Shvetsiyada istiqomat qilgan, ammo Italiya va Belgiyada ham dars bergan. Uni 2016-yil aprelida Eronga kelgan paytida hisbga olishgan va Isroilning Mossad maxsus xizmatlari foydasiga josuslik qilganlikda ayblashgan. Tehronning ma’lumotlariga ko‘ra, Jaloliy Eron yadro dasturi tuzilmalarida mas’ul mansablarni egallagan ikki eronlikning o‘limiga aloqador. Ularni avtomobilga o‘rnatilgan bombalar bilan portlatib yuborishgan.
U 2017-yilning 21-oktabrida o‘limga mahkum etilgan. Ammo BMT ushbu sud ishini noqonuniy deb topib, Eronni hukmni bekor qilib, olimni ozod etishga chaqirgan.
Xalqaro norozilikka qaramay, dekabrda hukm Eron Oliy sudi tomonidan tasdiqlandi. Biroq hukm ijrosi Jaloliyning apellyatsiyasi tufayli to‘xtatib qo‘yildi.
Bu apellyatsiya rad etildi va endi Oliy sud qarorini yakuniy deb hisoblash mumkin. Hukm har qanday lahzada ijro etilishi mumkin.
Izoh (0)