O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘lovchi va yuk tashish aviareyslarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 12-avgust kuni transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Xitoyning maxsus ma’muriy hududi Gonkongda joylashgan JDB Group Limited kompaniyasi rais o‘rinbosari Chan Man Xin bilan O‘zbekiston, Gonkong va potensial xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi aviatsiya sohasidagi istiqbolli loyihalarni muhokama qildi.
Tomonlar Gonkong va O‘zbekiston o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, O‘zbekistonda Xalqaro aviatsiya akademiyasini tashkil etish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Xususan, O‘zbekiston va Gonkong vakillari muntazam yo‘lovchi va yuk reyslarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Bu jarayonda Hong Kong Airlines xususiy aviakompaniyasi ustuvor hamkor-operator sifatida taklif etildi.

Uchrashuvda muhokama etilgan yana bir muhim masala O‘zbekiston hududida xalqaro aviatsiya akademiyasini tashkil etish tashabbusi bo‘ldi. Akademiya xalqaro standartlar (shu jumladan FAA va IOSA) asosida uchuvchilar, texniklar, styuardessalar, yerusti xodimlari va aviatsiya menejerlarini tayyorlaydi.
Aprel boshlarida Uzbekistan Airports va China Southern Airlines kompaniyasi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgandi. Unda hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari, mavjud reyslar sonini oshirish va O‘zbekiston aeroportlariga yangi yo‘nalishlar ochish imkoniyatlari muhokama qilingandi.
Izoh (0)