Rossiya qishloq xo‘jalik vazirligi o‘simlikshunoslik, mexanizatsiyalashtirish, kimyolashtirish va o‘simliklarni muhofaza qilish departamenti direktori Pyotr Chekmaryov uch yildan keyin Rossiya O‘zbekistondan paxta sotib ololmay qolishi tufayli, o‘zi paxta ishlab chiqarishni boshlashini aytdi, deb yozadi “Gazeta.ru”.
“Bizda paxta ishlab chiqarish bo‘yicha ishlar boshlanyapti, bu yangi ekin, biz bunga tayyor bo‘ldik. Ayni paytda texnologiyaga oid barcha masalalar ko‘rib chiqilgan, bu yil ming gektarga yaqin paxta Astraxan va Volgogradda ekiladi”, — dedi Chekmaryov.
U Rossiyada paxta o‘stirish uchun mos tushadigan 200 ming gektar maydon borligini aytdi.
Direktor Rossiya uch yildan keyin O‘zbekistondan paxta sotib ololmay qolishini qo‘shib qo‘ydi.
“Men yaqinda O‘zbekistonga borib keldim. Uch yildan so‘ng biz bu hududlardan paxta sotib ololmaymiz — ularda faol ravishda qayta ishlash kombinatlari qurilmoqda, va ular paxtaning bir tonnasini ham bizga sotmaydi”, — dedi Chekmaryov.
Eslatib o‘tamiz, 2017—2019-yillarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturiga muvofiq, 2020-yilga borib O‘zbekistonda yetishtirilgan paxta tolasi mahalliy korxonalarda to‘liq qayta ishlanadi.
Izoh (0)