Xitoyning Sichuan provinsiyasida tutqunlikda tug‘ilib o‘sgan ikkita panda yovvoyi tabiatga qo‘yib yuborildi, deb xabar berdi “Sinxua”.
Hayvonlarning ismi Ba Si va In Syue bo‘lib, ulardan biri erkak ikkinchisi urg‘ochi. Pandalar ozodlikka qo‘yib yuborilguniga qadar olimlar ularning sog‘lig‘i ustida tekshiruv o‘tkazdi. Shuningdek, pandalarning harakatini kuzatish maqsadida ularga GPS qurilmalar “o‘rnatilgan”.
“Ularning ahvoli juda yaxshi. Odamlarni ko‘rgach ulardan yegulik so‘rash o‘rniga, pandalar o‘rmon ichiga yugurib ketdi”, — dedi Katta pandalarni himoya qilish va o‘rganish markazining xodimi U Dayfu.
Ikkala panda ham markazda ikki yil oldin dunyoga kelgan. Tug‘ilganidan buyon ularga mustaqil yemish va suv topish, yovvoyi tabiatda xavf-xatardan qochish o‘rgatilgan.
O‘tgan yilda ham ushbu qo‘riqxonaga Xeshen laqabli panda qo‘yib yuborilgan edi, biroq oradan ikki oy o‘tgach u vafot etgan.
Izoh (0)