Lamborghini Miura S avtomobili sotuvga qo‘yildi. Mashina egasining ma’lum qilishicha, u so‘nggi 46 yil davomida garajda turgan va unga tegilmagan. Avtomobil uchun qariyb 1,5 million dollar so‘ralmoqda, deb yozadi “Motor”.
Savdoga qo‘yilgan avtomobil mazkur modelning 1969-yilda konveyerdan chiqqan ikkinchi namunasi hisoblanadi. Hammasi bo‘lib 140 ta shunday ulov ishlab chiqarilgan.
Sotuvchining ta’kidlashicha, avtomobil to‘laligicha asl holida saqlangan. Hatto Concord magnitolasida uning avvalgi egasidan Rolling Stones albomi yozilgan kasseta ham qolgan
Superkar 12 silindrli va 3,9 litr sig‘imli 370 ot kuchiga ega dvigatel bilan jihozlangan. U beshta darajali mexanik tezlik uzatish qutisiga ega. Eng yuqori tezligi 285 km/soat bo‘lib, 100 kilometr tezlikka 4,5 soniyada erishishi mumkin.
Avtomobil 1970-yilda Italiyada 7,8 million lira (qariyb 19 ming dollar) turgan. Hozir bunday model uchun narx ikki million dollargacha boradi.
Izoh (0)