Britaniya hukumati Yevropa Ittifoqidan chiqish uchun 40 milliard funt (54 milliard dollar) to‘lashga tayyor. Bu haqda qirollik bosh vaziri Tereza Meyning Brexit borasida Florensiyada so‘zlagan nutqiga tayanib, Times gazetasi ma’lum qildi, deb xabar berdi “TASS”.
Shuningdek, nashr Bryusseldagi ikkita manbasiga ham tayangan. Times hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu mablag‘ ikkita tarkibiy qismdan iborat. Birinchisi — Mey Florensiyadagi nutqida ta’kidlaganidek, London mablag‘larni YIga 2020-yilga qadar mo‘ljallangan amaldagi budjet davri yakunlanguncha to‘laydi. Gap 20 milliard funt atrofidagi chiqimlar haqida ketmoqda.
Ikkinchi tarkibiy qismning ham miqdori deyarli shuncha. U Buyuk Britaniyaning boshqa majburiyatlari alohida muhokama qilib olingach, uzoq yillar davomida to‘lab boriladi.
Joriy haftada Financial Times gazetasi Britaniya hukumati 20 milliard yevro to‘lashga rozi bo‘lishi mumkinligi haqida yozgan edi, ammo nashrning ma’lum qilishicha, Bryussel bundan ancha ko‘prog‘ini — taxminan 100 milliard yevroni mo‘ljallagan.
Izoh (0)