Tatariston Prezidenti Rustam Minnixonov 23-sentabr kuni Samarqandga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Samarqand xalqaro aeroportida yuqori martabali mehmonni Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Turobjon Jo‘rayev kutib oldi.
Tatariston rahbari 24-sentabr kuni O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qiladi. Samarqandning diqqatga sazovor joylari, tarixiy obidalari bilan tanishadi. Kunning ikkinchi yarmida mehmon Toshkentga keladi. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida mamlakatda istiqomat qilayotgan tatar millatiga mansub fuqarolar bilan uchrashadi, Tatariston san’at ustalari ishtirokidagi konsert dasturini tomosha qiladi.
Tashrifning asosiy voqealari 25-sentabrga mo‘ljallangan. Rustam Minnixonov Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘yadi.
Shu kuni Minnixonov poytaxtdagi Xalqaro hamkorlik markazida tashkil etiladigan O‘zbekiston – Tatariston ishbilarmon doiralari vakillari qo‘shma biznes-forumida qatnashadi.
Tatariston prezidenti O‘zbekistonning turli vazirlik va idoralarida uchrashuvlar o‘tkazadi, poytaxtning diqqatga sazovor joylarini ziyorat qiladi.
Izoh (0)