Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Usmonov boshchiligidagi delegatsiya Nyu-Yorkda Skal International kompaniyasi prezidenti, AQSh senatori Mark Begich va Primapact kompaniyasi direktori Anders Xeys bilan uchrashdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.
Skal International va Primapact turizm sohasidagi tadqiqotlar, xususan, milliy miqyosda tarmoqni rivojlantirish strategiyasini shakllantirish bilan shug‘ullanadi. Skal International dunyoning 89 davlatida 17 mingdan ortiq a’zoga ega.
Uchrashuv davomida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikning amaliy jihatlarini muhokama qildi. Kompaniyalar tomonidan O‘zbekistonda turizm tarmog‘ini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi marketing tadqiqotlarini o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqish haqida kelishuvga erishildi. Jumladan, Primapact AQShdan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha aniq tavsiya va takliflar ishlab chiqadi.
Qo‘mita vakillari kompaniyalarni 2017-yil 3—5-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadigan “Buyuk ipak yo‘lida turizm” Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi va 2018-yil aprelida “Dam olish dunyosi” xalqaro o‘zbek turizm ko‘rgazmasi faoliyati davomida O‘zbekistonga tashrif buyurishni taklif etdi.
Amerikalik sheriklar taklifni ko‘tarinkilik bilan qabul qildi va yaqin orada O‘zbekistonga borish istagini bildirdi.
Izoh (0)