Toshkent shahridagi Do‘mbirobod qabristonining bir qator uchastkalarida daraxt kesish ishlari vaqtida qabrtoshlar, yodgorliklar buzilgani haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahslarga sabab bo‘lgan edi. “Nuz.uz” nashri fuqarolarga xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i X. Rasulov bilan bog‘lanib, undan yuzaga kelgan vaziyat haqida izoh oldi.
“Vayron bo‘layotgan yodgorliklar marmar uvog‘idan yasalgan, ular 1999-yilda qilingan. Bunday yodgorliklar uzoqqa bormaydi — 5—7 yil xizmat qiladi, xolos. Vaqt o‘tishi bilan, shamol va noqulay ob-havo ta’sirida daraxtlar qulaydi va yodgorliklar vayron bo‘ladi”, — dedi Rasulov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, yaqinda shahar va Chilonzor tumani hokimlari Do‘mbiroboddagi qabristonga shaxsan tashrif buyurgan. Ularning ko‘rsatmalariga binoan bu yerda hashar tashkil qilingan. Yaqin ikki kun ichida qabriston hududida obodonchilik ishlari amalga oshiriladi, daraxtlar kesiladi. Fuqarolar so‘roviga ko‘ra, hasharga jalb qilingan ishchilar yodgorliklarni qayta tiklash bilan shug‘ullanadi.
Izoh (0)