Chirchiqda joylashgan tez tibbiy yordam markaziga shaharda yashovchi yollanma ishchi, 1981-yilda tug‘ilgan Z.M chap son qismi jarohati bilan yotqizildi. Bu haqda “Daryo”ga Toshkent viloyat IIB matbuot markazi xabar berdi.
Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida 8-iyul soat 13:30 da Z.M. mast holda Chirchiq shahrida joylashgan “Mardona” nomli qurilish mollari do‘koni ro‘parasida tarvuz sotayotgan, O‘rtachirchiq tumanida yashovchi, 1984-yilda tug‘ilgan D. Yu. bilan o‘zaro janjallashgani ma’lum bo‘ldi.
D.Yu. tarvuz so‘yib berayotgan oshxona pichog‘i bilan Z.M.ni chap son qismiga urib, tan jarohati yetkazadi. Jabrlanuvchi og‘ir holatda shifoxonaga yotqizildi. Shifoxonada ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, Z.M. shifoxonada vafot etdi.
Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Izoh (0)