2017-yilning 14-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Yevropa ittifoqi komissiyasining Xalqaro hamkorlik va rivojlanish bo‘yicha bosh direktorati rahbari Stefano Manservisi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.
Suhbat davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi O‘zbekiston va Yevropa ittifoqi hamkorligining holati va istiqbollari, shuningdek, Yevropa ittifoqining Markaziy Osiyo bilan yangi hamkorlik strategiyasining samaradorligini oshirish nuqtayi nazaridan uni tadbiq etish jarayoni muhokama qilindi.
Uchrashuvda Bryussel shahrida bo‘lib o‘tadigan “O‘zbekiston—YI” hamkorlik kengashining 13-majlisi, Yevropa ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha bosh vakili Federika Mogerinining O‘zbekistonga tashrifi, “Markaziy Osiyo – Yevropa ittifoqi” mintaqalararo uchrashuvining navbatdagi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazish va boshqa qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni amaliy jihatdan ko‘rib chiqildi.
Moliyaviy-texnik sohada aloqalarni mustahkamlashga mas’ul sherikchilikning yangi organi — Rivojlanish maqsadida hamkorlik bo‘yicha kichik qo‘mitani ta’sis etishga ikki tomon ham rozi ekanligi tasdiqlandi.
Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Muzokaralarda Yevropa ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari, elchi Eduard Striprays ishtirok etdi.
Izoh (0)