Xitoylik turist ayol tasodifan qimmat nefrit taqinchoqqa shikast yetkazib qo‘ygach, hushidan ketib qoldi, deb xabar berdi “Jenmin Jibao”.
Hodisa 27-iyun kuni Yunnan provinsiyasining janubidagi Juyli shahrining bozorida sodir bo‘lgan. Shaxsi aytilmagan ayol polga qiymati 300 ming yuan (taxminan, 44 ming dollar) turadigan bilaguzukni taqib ko‘rayotganida tushirib yuborgan.
Buning oqibatida taqinchoq ikki qismga bo‘linib ketgan. Singan buyumning narxini eshitgan xitoylik ayol hushidan ketib qolgan. Ayol bilan birga bo‘lgan uning oila a’zolari tovon sifatida sotuvchiga 10 ming dollar taklif qilgan. Biroq sotuvchi ushbu mablag‘ zararni qoplash uchun yetarli bo‘lmagani sabab bosh tortgan.
Natijada turistning oilasi ekspert zargarga murojaat qildi. U taqinchoqni 26,5 ming dollarga baholagan. Sotuvchi tovon puli sifatida shuncha mablag‘ni olishga rozi bo‘lgan.
Xitoyda nefritni juda qadrlashadi. Ushbu mamlakatda nefrit o‘z egasiga sog‘liq va uzoq umr olib keladi deya hisoblashadi.
Izoh (0)