19-iyun, dushanba kuni Oq uyning innovatsiyalar bo‘yicha rahbari, prezidentning kuyovi Jared Kushner federal hukumat tomonidan texnik innovatsiyalardan foydalanish haqidagi ma’ruzani e’lon qildi, deb yozadi Forum Daily.
Hujjatda aytilishicha, AQSh mudofaa departamenti ma’lumotlarni saqlash uchun haligacha 8 dyuymli egiluvchan disketalardan foydalanadi, ammo dunyoda ushbu texnologiyadan 80-yillardayoq voz kechishgan.
1990-yillar o‘rtalariga kelib, Amerika kompaniyalari 3,5 dyuymli tashuvchilar, so‘ng CD-ROM’dan foydalanardi, bugungi kunda ko‘pchilik kompaniyalar himoyalangan serverlar, bulutlar va sig‘imdor ko‘chma tashuvchilarni qo‘llaydi.
Kushnerning so‘zlariga ko‘ra, AQSh hukumati uzoq o‘tmishda qolib ketgan. Uning ta’kidlashicha, mansabdorlar ma’lumotlarni saqlash uchun yoshi 39 dan 56 yilgacha bo‘lgan qurilmalardan foydalanadi.
Vaziyatni tuzatish uchun Kushner hukumatning 6100 ta ma’lumotlar markazi va 1,6 millionta elektron pochta yozuvlarini bulutli servislarga o‘tkazish bo‘yicha rejalarni tayyorladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hukumatning millionlab dollar mablag‘ini tejab qolishi, ammo shu bilan birgalikda xavfsizlik bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Izoh (0)