Britaniyaning Skytrax konsalting agentligi jahonning eng yaxshi aviakompaniyalari reytingini tuzib chiqdi. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar bermoqda.
Sharqiy Yevropadagi eng yaxshi aviakompaniya maqomiga 2017-yilda Rossiyaning “Aeroflot” aviakompaniyasi ega bo‘ldi. Reytingda undan keyingi o‘rinlarni LOT Polish va S7 Airlines egalladi.
Sharqiy Yevropaning eng kuchli o‘n aviakompaniyasi qatoriga, shuningdek, Air Serbia, Wizz Air (Vengriya), Croatia Airlines, CSA Czech Airlines, “Pobeda” (Rossiya), Adria Airways (Sloveniya) va Tarom (Ruminiya) kirdi.
Jahonning eng yaxshi aviakompaniyasi etib esa Qatar Airways tanlandi. U global va Yaqin Sharq mintaqaviy reytingida birinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.
Ikkinchi o‘rinda Singapore Airlines, uchinchi o‘rinda esa ANA (Yaponiya) turibdi. Beshlikka, shuningdek, Emirates (BAA) va Cathay Pacific (Gonkong) kirdi. Kuchli o‘nlikdan o‘rin olganlar qatorida EVA Air (Tayvan), Lufthansa (Germaniya), Etihad Airways (BAA), Hainan Airlines (Xitoy) va Garuda Indonesia bor.
Afrikaning eng yaxshi aviakompaniyasi Ethiopian Airlines bo‘ldi, Osiyoda bu maqomni Singapore Airlines, Avstraliya va Okeaniya — Virgin Australia qo‘lga kiritdi. G‘arbiy Yevropa reytingida birinchi pog‘onani Lufthansa, Markaziy Osiyo va Hindiston reytingida esa Air Astana (Qozog‘iston) band etdi.
Shuningdek, Shimoliy Amerikaning eng yaxshi aviakompaniyalari reytingining boshida Air Canada, Janubiy Amerika bo‘yicha Avianca (Kolumbiya), Markaziy Amerika va Karib havzasi mamlakatlari bo‘yicha Copa Airlines (Panama) turibdi.
Izoh (0)