O‘zbekiston favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga gidrometeorologiya xizmati markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi yirik va o‘ta muhim suv xo‘jaligi obyektlari texnik ahvoli va ish xavfsizligi ustidan nazorat va kuzatish bo‘yicha davlat inspeksiyasi, kichik hajmli kemalar bo‘yicha davlat inspeksiyasi, shuningdek, Fanlar akademiyasi seysmologiya instituti seysmik kuzatuvlar xizmati o‘tkazildi. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar bermoqda.
Bu o‘zgarishlar Prezident tomonidan 1-iyun kuni imzolangan Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish tizimi samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonda nazarda tutilgan.
Shu munosabat bilan FVVning yangi asosiy vazifalari belgilab berildi. Jumladan, endilikda idora:
tinchlik va urush vaqtida tabiiy va texnogen xarakterdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf qilish tizimi sohasidagi yagona davlat siyosati realizatsiyasini, gidrometeorologiya rivojini, gidrotexnik inshootlarning barqaror ishlashini, seysmik kuzatuvlarning olib borilishini, kichik hajmli kemalarning xavfsiz ishlatilishini, suv obyektlarida fuqarolar hayoti va sog‘lig‘i himoya qilinishini ta’minlash;
favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi omillari va tahdidlarini oldindan aniqlash, ularning yuzaga kelishini oldindan profilaktika qilish va ularning oldini olish singari vazifalarni bajaradi.
FVVda favqulodda vaziyatlar bo‘yicha qo‘shimcha bo‘linmalar, shuningdek, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelish tahdidi baland shahar va tumanlarda qutqaruv otryadlari yaratiladi.
Bundan tashqari, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf qilish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzildi. Komissiya rahbari O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosaridir. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimiyatlarida tegishli hududiy komissiyalar tashkil etildi.
Komissiya vazifalari sirasiga har yili fuqarolik mudofaasi (bahor mavsumi) hamda aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan himoya qilish (kuz mavsumi) oyliklarini o‘tkazish kiradi. Komissiya sotsial-iqtisodiy va huquqiy himoya, avariyalar, halokatlar, tabiiy ofatlarda jabr ko‘rgan fuqarolar, shuningdek, favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf qilishda ishtirok etgan shaxslarning tibbiy reabilitatsiyasi masalalarida davlat hokimiyati hamda fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.
Hujjat bilan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf qilish tizimi samaradorligini oshirish, kadr salohiyatini o‘stirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda fan va texnika yutuqlarini joriy etish, shuningdek, FVV moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Farmon ijrosi uchun Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan himoya qilish sohasida mutaxassislarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari qabul qilindi.
Izoh (0)