Toshkent shahar IIBBda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qilinishicha, 2017-yil 20-aprel kuni soat 23:00 da Mirobod tumanida tungi xizmatga jalb qilingan ichki ishlar xodimi uning qurolini olib qo‘yishga urinishni bartaraf etish uchun quroldan o‘q uzishga majbur bo‘lgan.
Post-patrul va huquqbuzarliklarni oldini olish xizmati xodimlari Mirobod tumani Farg‘ona yo‘li ko‘chasida joylashgan spirtli ichimliklar bilan chakana savdo qiluvchi do‘kon oldida besh nafar shaxs mast holatda shovqin qilayotganini aniqlagan.
Ularni tarqatish uchun harakat qilingan vaqtda ushbu shaxslar ichki ishlar xodimlariga nisbatan qarshilik ko‘rsatib, safdor Nabiyevga xizmat faoliyatida foydalanish uchun biriktirilgan o‘qotar qurolni tortib olishga uringan.
Tajovuzning oldini olish maqsadida IIV buyruqlari talablariga asosan quroldan foydalanish ma’lum qilinganda mazkur fuqarolar ichki ishlar xodimiga tosh otib, qarshilik qilishda davom etgan va qurolni tortib olishga harakat qilgan.
Shunda ichki ishlar xodimi quroldan yuqoriga bir marta ogohlantiruvchi o‘q uzgan.
Holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 219-moddasi birinchi qismi, ya’ni hokimiyat vakiliga yoki fuqarolik burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish jinoyati alomatlari bilan prokuratura idoralari tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)