O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekistonga ikki tomonlama muzokaralarda ishtirok etish uchun kelgan Ummon tashqi ishlar vazirligi bosh kotibi Badr bin Hamad al-Busaidiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Suhbat avvalida tomonlar O‘zbekiston va Ummon o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganligining 25 yilligi munosabati bilan bir-birlarini tabrikladi.
Uchrashuvda barcha sohalardagi hamkorlikni kengaytirishdan tomonlar manfaatdorligi hamda buning uchun zarur salohiyat mavjudligi qayd etildi. Ushbu masalalar Ummonning Toshkentdagi elchixonasi va tez orada Maskatda ochiluvchi O‘zbekiston elchixonasi faoliyatining asosi bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining Ummon moliyaviy va konsultativ ko‘magi asosida qurilib, jihozlanayotgan yangi binosi madaniy-gumanitar sohadagi ikki tomonlama samarali aloqalarning yorqin timsoli ekanligini e’tirof etildi.
Suhbat davomida xalqaro siyosatning dolzarb jihatlari ham muhokama qilindi.
Shu kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston—Ummon vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining beshinchi raundi doirasida ikki tomon kun tartibining asosiy masalalari batafsil muhokama qilindi.
Maslahatlashuvlarda O‘zbekiston—Turkmaniston—Eron—Ummon transport koridori mexanizmlarining ishga tushirilishi nuqtayi nazaridan transport-kommunikatsiya sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirlarda Ummonning O‘zbekistondagi elchisi Muhammad bin Said bin Muhammad al-Lavatiy ishtirok etdi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)