Yevroittifoq mamlakatlari yetakchilari Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yana olti oyga uzaytirish haqida qaror qabul qildi, deb yozadi “Interfaks”. Bu haqda yevropalik diplomatik manbalar jurnalistlarga Bryusselda ma’lum qildi.
Bunday qarorni ular Bryusseldagi Yevroittifoq sammitida qabul qildi. Sanksiyalarni uzaytirish haqidagi rasmiy qaror kelasi hafta boshida tasdiqlanishi kutilmoqda.
Yevropa ittifoqi 15-dekabr kuni Fransiya prezidenti Fransua Olland va Germaniya kansleri Angela Merkelning taklifiga binoan Rossiyaga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar muddatini uzaytirish haqida qaror qabul qilishi kutilgan edi.
Yevroittifoq sammiti arafasida Merkel Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yana bir marta uzaytirish zaruriyati haqida ma’lum qilgan edi. O‘z navbatida, Olland Minsk kelishuvlari bo‘yicha progress bo‘lmas ekan, sanksiyalar uzaytirilishda davom etishini ta’kidladi.
Rossiyaga qarshi kiritilgan sanksiyalar 2017-yil yanvari oxirigacha amal qiladi.
Izoh (0)