21st Century Fox Britaniyaning Sky telekompaniyasi rahbariyati bilan qolgan ulushlarni sotib olish haqida kelishib olganini ma’lum qildi. Hozirda mediaxolding telekompaniyaning 39,1 foiz aksiyasiga egalik qiladi, deya xabar bermoqda “RBK”.
Kompaniyaning har bir aksiyasi uchun Rupert Myordok asoschisi bo‘lgan xolding 10,75 funt sterling taklif etmoqda, bu mazkur qimmatli qog‘ozlarning London birjasi savdolaridagi narxidan 40 foizga oshiq.
Shu tariqa Sky umumiy qiymati taxminan 18,5 milliard funt sterlingga baholanmoqda.
Qolgan aksiyalarni sotib olish 21st Century Fox uchun 11,7 milliard funt sterling yoki 14,8 milliard dollarga tushishi mumkin. Aksiyadorlar va nazorat etuvchi idoralar ma’qullagan taqdirda kelishuvni 2017-yil oxirigacha yopish mo‘ljallanmoqda.
Ma’lumot uchun, Sky Yevropa media-bozori yetakchilaridan bo‘lib, Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Avstriya va Irlandiyadagi mijozlari soni 22 million kishidan, yillik tushumi esa 12 milliard funt sterlingdan iborat.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)