Taom tayyorlash jarayoni haqiqiy quvonch ulashuvchi yoqimli bir mashg‘ulot bo‘lmog‘i darkor. Bu mashg‘ulotga haqiqatan ham zavq bag‘ishlay oladigan, ayni vaqtda, mazali taomlar tayyorlashda qo‘l keladigan foydali va juda oddiy 14 sirni Siz bilan bo‘lishamiz.
1. Jigarni qovurishdan avval unga biroz shakar sepib qo‘yilsa, u yumshoq bo‘lib pishadi.
2. Tuxum qaynatilayotganda yorilib ketmasligi uchun uni dastlab sovuq suvda yuvish kerak.
3. Go‘sht qovurilgandan so‘ng chiroyli tillarang qobiqqa ega bo‘lishi uchun unga avval asal surib qo‘yish kerak.
4. Sut qaynatilayotganda kuyib ketmasligi uchun idishni sovuq suvda chayib, uni o‘rta olovda qaynatish kerak.
5. Sabzavotlar sho‘rvaga solinishidan avval archilib, yuvilishi lozim.
6. Piyoz achchiq ta’mini yo‘qotishi va yanada xushta’m bo‘lishi uchun uni to‘g‘ragandan so‘ng maxsus teshikchalari bor idishga solib, ustidan qaynoq suv quyish kerak.
7. Sabzi yaxshi ta’mga ega bo‘lishi uchun u 5—10 daqiqa qaynatilishi lozim. Sabzi ham boshqa sabzavotlar kabi yaxshi olovda qaynatiladi va qaynatish so‘ngida tuz solinadi.
8. Tuz idishda nam tortib qolmasligi uchun idishga bir necha guruch donasi qo‘shib qo‘yish kerak.
9. Guruch sochiluvchan bo‘lishi uchun uni qaynatishdan avval 30 daqiqaga suvga solib qo‘yish kerak bo‘ladi.
10. Guruch ezilib pishib ketmasligi uchun, uni biroz qovurib olish mumkin. Biroq bu holatda uning o‘lchami unchalik kattalashmaydi.
11. Sut toshib ketmasligi uchun unga shakar bo‘lagini solib, ustini yopib qo‘yish va har 3—4 daqiqada kovlab turish kerak.
12. Guruch va makaron qaynatish jarayonida yopishib qolmasligi uchun suvga biroz kungaboqar yoki zaytun yog‘i qo‘shish yoki qaynatilgandan keyin ustidan sovuq suv quyish kerak.
13. Guruch shaffof bo‘lishi uchun uni besh daqiqaga qaynoq suvga solib qo‘yish kerak.
14. Qovurilgan tuxum ko‘pchib chiqishi uchun bitta tuxumga ikki qoshiq sovuq suv qo‘shib, yaxshilab ko‘pirtirish kerak.
Yuqoridagi pazandalik sirlari taom tayyorlash jarayonini yengillashtiradi deb umid qilamiz.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)