AQShning Shimoliy Karolina shtati gubernatori Patrik Makkrori Sharlott shahrida 20-sentabr, seshanba kuni boshlangan tartibsizliklar tufayli favqulodda holat e’lon qildi, deb yozadi “RBK”.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar chog‘ida bir kishi o‘qotar quroldan yaralangan. Dastlab, Sharlott politsiyasi boshlig‘i uning o‘limi haqida e’lon qildi, keyinroq shahar hukumati erkak og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilganini aytdi. O‘q politsiyachi tomonidan emas, oddiy fuqaro tomonidan uzilgan.
Namoyishchilarni tarqatib yuborish uchun huquq-tartibot organlari ko‘zni yoshlantiruvchi gaz va rezina o‘qlardan foydalandi.
Sharlottdagi noroziliklar 20-sentabr kuni politsiyachilar tomonidan afroamerikalik Keyt Skottning o‘ldirilishi tufayli boshlandi. Politsiya u to‘pponcha bilan qurollanib, ofitserning qurolni tashlash buyrug‘iga itoat qilmadi, deb hisoblaydi. Skottning oilasi va guvohlar so‘zlariga ko‘ra, uning qo‘lida o‘qotar qurol emas, kitob bo‘lgan.
Izoh (0)