BMT Italiya va Myanmaga ushbu ikki davlat hududida ro‘y bergan zilzilalar oqibatlarini bartaraf etishga tayyor. Bu haqda xalqaro tashkilot bosh kotibining rasmiy vakili Stefan Dyujarrik ma’lum qildi, deya xabar beradi “TASS”.
Uning aytishicha, bosh kotib Pan Gi Mun “Italiya va Myanmadagi zilzilar tufayli odamlar halok bo‘lgani hamda vayronagarchiliklar haqidagi xabarlardan chuqur qayg‘uda”, shuningdek, “ikki mamlakat xalqlari va hukumatlariga hamdardlik bildiradi”.
“BMTning gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi ushbu davlatlar rasmiylari bilan aloqada bo‘lib, vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatishda davom etmoqda. Gumanitar ko‘mak talab etilgan taqdirda hamkorlarimiz bilan birgalikda rasmiylar va mahalliy tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz”, — deya ta’kidlagan Dyujarrik.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, markaziy Italiyadagi zilzila qurbonlari soni 247 kishiga yetdi. Myanmada yerosti silkinishlari tufayli 4 kishi halok bo‘ldi va 70 ga yaqin qadimiy buddaviy ibodatxona vayron bo‘lgan.
Izoh (0)