Meksikaning Chyapas shtatidagi San-Migel-Chamula hindular shaharchasi ma’muriyati rahbari Domingo Lopes Gonsales 23-iyul, shanba kuni meriyaga moliyaviy ishlar bo‘yicha norozilik bildirish uchun kelgan namoyishchilar tomonidan o‘ldirildi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
El Financiero’ning ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishchilar meriya binosiga kelganida Domingo Lopes Gonsales uchrashuv o‘tkazayotgan edi. Olomon shahar ma’muriyatiga hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash uchun avvalroq ajratilgan 100 million pesoni (5,4 million dollar) ularga yo‘naltirishni talab qildi.
Mer soqchilari yig‘ilgan namoyishchilarni tarqatib yuborishga uringanida ular bunga javoban qo‘llariga qurol olib, o‘q uzdi. Natijada mer va yana bir kishi halok bo‘ldi.
Shundan so‘ng namoyishchilar shaharga kirishda to‘siqlar o‘rnatib, Chyapas shtati rasmiylaridan shaharga yo‘naltirilgan mablag‘larning sarf qilinish hisobotini talab qildi. Ammo birozdan so‘ng olomonning shashti tushib, hamma uy-uyiga tarqaldi.
Voqea joyida politsiya xodimlari nazoratni o‘z qo‘liga oldi. Mahalliy hukumat rasmiylari qotillik yuzasidan surishtiruv ishlarini boshladi.
Izoh (0)