Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on CNN telekanali efirida agar Marmaris shahridagi mehmonxonada yana 10—15 daqiqaga ushlanib qolganida, harbiy to‘ntarish vaqtida uni o‘ldirgan bo‘lishlarini aytdi, deb yozadi “Gazeta.ru”.
“Marmarisda menga qarshi operatsiya o‘tkazilayotgandi. Mening ikki soqchimni o‘ldirishdi. Agar yana 10—15 daqiqaga ushlanib qolganimda, men ham o‘ldirishgan yoki asirga olishgan bo‘lardi”, — dedi Erdo‘g‘on.
Turkiya yetakchisi ma’lum qilishicha, u Marmarisda oilasi bilan dam olayotgan bo‘lgan.
“O‘n beshinchi sanada men Marmarisda edim, bizda besh kunlik ta’til edi. Taxminan kechki o‘nda menga yangilikni aytishdi, nima bo‘layotganidan xabardor qilishdi.
Shuningdek, Erdo‘g‘on hodisa haqida xabar topgach, millatga FaceTime dasturi yordamida televideniye orqali murojaat qilishga majbur bo‘lganini aytdi.
Nashr eslatishicha, Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Marmaris kurort shahridagi mehmonxonani tark etgach, yarim soatdan keyin u yerga davlat to‘ntarishi tarafdorlari bo‘lgan harbiylar yetib kelgan edi.
16-iyulga o‘tar kechasi Turkiyada isyonchilar guruhi harbiy to‘ntarishni amalga oshirishga urindi. Asosiy qo‘zg‘olonlar Istanbul va Anqarada bo‘lib o‘tdi. Mamlakat rahbariyati fitna daf qilinganini e’lon qildi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 208 nafar fuqaro halok bo‘ldi, 100 nafar isyonchi o‘ldirildi, 1,5 mingga yaqin kishi esa yaralandi.
Izoh (0)