Turkiya mudofaa vaziri Fikri Ishik harbiy to‘ntarishning oldi olingani, mamlakatning barcha hududi hukumat nazorati ostiga o‘tganini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters agentligiga tayanib, “Gazeta.ru” xabar bermoqda.
Ammo Ishik to‘ntarish xavfi butunlay yo‘q qilingani haqida gapirishga erta ekanligini aytib, hukumat tarafdorlarini “yana ko‘chalarni egallash”ga chaqirdi.
16-iyulga o‘tar kechasi Turkiyada harbiy to‘ntarishga urinish yuz berdi. Hodisa natijasida so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 265 kishi halok bo‘ldi, 1,1 mingdan ortiq odam yaralandi. Halok bo‘lganlardan 161 nafari hukumat tarafdorlari va tinch aholi vakillaridir.Turkiya hukumati butun mamlakat bo‘ylab isyonchilarning 3 mingga yaqin tarafdorini qo‘lga oldi. Hibsga olingan turk askarlari harbiy to‘ntarishni dastlab oddiy mashg‘ulot deb tushunganini ma’lum qildi.
Isyonchilarning yetakchisi Akin O‘zturk ham qo‘lga olingani haqida xabar berildi. Rajab Toyyib Erdo‘g‘on harbiy to‘ntarishni AQShda istiqomat qilayotgan sobiq imom Fathulloh Gulen uyushtirgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Fathulloh Gulenning o‘zi esa barcha ayblovlarni rad etdi.
Izoh (0)