Toshkentning “Paxtakor” futbol klubi sobiq bosh murabbiyi No‘mon Hasanov “Qo‘qon-1912” jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlandi. Bu haqda “Qo‘qon-1912” matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekiston Oliy Ligasi 10-turida “Paxtakor” “Neftchi”dan 1:2 hisobida yengilgan edi. Shundan so‘ng, “Paxtakor” bosh murabbiy No‘mon Hasanovning iste’fo so‘rab yozgan arizasini qanoatlantirgandi.
“Qo‘qon-1912” jamoasining bugun, 11-iyun kuni navbatdan tashqari bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Qo‘qon shahar hokimi Abdullayev Akramjon, viloyat hokimligi vakili Turdimatov Ma’rufjon hamda klub a’zolari ishtirokida bosh murabbiy masalasi ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, Qo‘qon futboli tarbiyalanuvchisi, o‘zbek futbolining afsonalaridan biri No‘mon Hasanov “Qo‘qon-1912” jamoasining bosh murabbiyi etib tayinlandi.
Qayd etish joiz, “Qo‘qon-1912” bosh murabbiyi sifatida mavsumni Murod Ismoilov boshladi. Ismoilov iste’foga chiqarilgach, uning o‘rnini Sergey Kovshov egallagan, jamoa natijalariga mas’ul etib Tohir Kapadze tayinlangandi. Murod Ismoilov esa sobiq jamoasi – “Neftchi”ga qaytgan.
No‘mon Hasanov uchun “Qo‘qon-1912” jamoasi begona emas. 2003-yilda mutaxassis ushbu klubda o‘ynovchi murabbiy sifatida faoliyat yuritgan.
Izoh (0)