Misrning EgyptAir kompaniyasiga tegishli, bugun, 19-may kuni halokatga uchragan laynerning qoldiqlari Gretsiyaning Karpatos oroli janubidan topildi. Bu haqda, Reuters agentligiga asoslanib, “Vedomosti” xabar bermoqda.
Aytilishicha, Gretsiyaning qutqaruv-qidiruv xizmatlari layner radarlardan g‘oyib bo‘lgan hududdan 50 milya narida, suv yuzasida samolyotga tegishli deb taxmin qilinayotgani ikkita bo‘lak topib olgan.
Parijdan Qohiraga uchayotgan samolyot Gretsiya havo hududiga kirgandan 20 daqiqa o‘tib, radarlardan g‘oyib bo‘ldi. MS804 reysi bortida 56 nafar yo‘lovchi (ulardan uch nafari bola) va o‘n nafar ekipaj a’zosi bor edi. Ularning taqdiri hozircha noma’lum.
“Mayadin” telekanali, EgyptAir aviakompaniyasidagi manbasiga tayanib, samolyot O‘rta Yer dengiziga qulaganini bildirgandi.
Misr fuqarolik aviatsiyasi vazirligi EgyptAir kompaniyasining A320 samolyoti halokatga uchraganini rasman tasdiqladi.
Izoh (0)