O‘zbekistonlik Sabina Sharipova Tunisning La-Marsa shahrida yakuniga yetib borayotgan, sovrin jamg‘armasi 25 ming dollardan iborat ITF turkumidagi Open de la Marsa tennis turnirining juftliklar bahsi bosh sovrini uchun kurashadi, deb xabar bermoqda “Sports.uz”.
Rossiyalik Viktoriya Kan bilan tandem hosil qilgan 21 yoshli o‘zbekistonlik tennischi yarim finalda italiyalik Kristina Fernando va Anastasiya Grimalska dueti ustidan 6:3, 6:3 hisobida zafar quchib, final yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.
Bunga qadar Sharipova/Kan tandemi ilk davrada Darya Chernetsova (Belarus) hamda Dea Xerdzelas (Bosniya va Gersegovina) duetini 6:0, 6:3, turnirning birinchi raqamli juftligi – braziliyalik Laura Pigossi hamda chililik Daniela Seguelni 5:7, 6:3, 10:5 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi.
Hal qiluvchi bahsda Sharipova/Kan tandemi rossiyalik Vitaliya Diyatchenko va qozog‘istonlik Galina Voskoboyevaga qarshi kortga chiqadi.
Yakkalik bahslarida ham ishtirok etgan Sabina chorak finalda musobaqaning ikkinchi raqamli tennischisi, fransiyalik Sherazad Reyksga qarshi bahs olib bordi. Xalqaro tennis federatsiyasi rasmiy saytining ma’lum qilishicha, ushbu bellashuvda 6:4, 6:1 hisobida Reyks g‘alaba qozondi va O‘zbekiston vakilasi yakkalik bahslaridagi ishtirokini yakunladi.
Izoh (0)