Madridning “Real” futbol klubi bilan shartnomasi 2018-yilning yoziga qadar davom etadigan Krishtianu Ronaldu jamoa prezidenti Flarentino Peresdan yangi taklif qabul qilib oldi. Unda futbolchidan shartnomani 2021-yilga qadar uzaytirish so‘ralgan, deb yozdi “Chempionat” El Confidencial nashriga asoslanib.
2021-yilga kelib Ronaldu 36 yoshni qarshi olgan bo‘ladi va futbolchilik karyerasini aynan “qirollik klubi”da yakunlashi ham mumkin, deyilgan xabarda. Ayni paytda esa Krishtianuning xizmatlari bilan Fransiyaning “PSJ” hamda Angliyaning “Manchester Yunayted” klublari ham jiddiy qiziqmoqda. Yangi klublar futbolchiga yaxshigina shartnoma va bonuslar va’da qilgan.
Avvalroq, “Volfsburg”ga qarshi Yevropa Chempionlar Ligasi javob o‘yinidan keyin Ronaldu “PSJ” klubi prezidenti bilan Parijda uchrashgani ma’lum qilingandi. Fransiyaning amaldagi chempioni Ronalduni klubni katta ehtimol bilan tark etadigan Zlatan Ibrahimovich o‘rniga olib kelmoqchi.
Shuningdek, Angliyaning “Manchester Yunayted” klubini portugaliyalik mutaxassis Joze Mourinyo qabul qilib olsa, Ronaldu sobiq jamoasiga qaytishi ham mumkin. Undan tashqari Ibrohimovich ham Mourinyo bilan ishlashga qarshi emasligini bildirib o‘tgan.
Izoh (0)