AQSh mudofaa vaziri Eshton Karter 18-aprel, dushanba kuni e’lon qilinmagan tashrif bilan Iroq poytaxti Bag‘dodga keldi, deya xabar bermoqda “TASS”.
Reuters agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Pentagon rahbari Iroq hukumati bilan qator uchrashuvlar o‘tkazadi va IShID terrorchilik guruhiga qarshi kampaniyani muhokama qiladi.
Nashr eslatishicha, fevral oxirida AQSh Qurolli kuchlari Iroq g‘arbida ikkita harbiy bazani qurishga kirishgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
Avvalroq Iroq va Suriyada aksilterrorchilik operatsiyalarini amalga oshirayotgan AQSh qo‘shinlari guruhi vakili Iroq hududiga jami 3,6 ming amerikalik harbiy xizmatchi hamda koalitsiyaning boshqa 18 mamlakatidan 2,7 ming askar va ofitser joylashtirilganini ma’lum qilgan edi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)