Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bin Abdulaziz Anqaraga kelishi munosabati bilan uning ma’muriyati Turkiya poytaxtidagi hashamatli mehmonxonani to‘liq band qildi va 500 ta qimmatbaho avtomobilni ijaraga oldi. Bu haqda Haber Turk telekanali manbalariga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Anqaradagi prezident qarorgohi va hukmron partiya ofisi yaqinidagi yangi besh yulduzli mehmonxona bir necha kun mobaynida faqat qirol va uning mulozimlariga xizmat ko‘rsatadi. Mehmonxonadagi bir necha yuz xonaning barchasi sotib olingan va kirish-chiqishning alohida tartibi o‘rnatilgan. Qirol alohida qavatda istiqomat qiladi va unga faqat o‘zining mulozimlari xizmat ko‘rsatadi. Saudiyadan Turkiyaga bir necha yuk mashinasida oziq-ovqat, choyshab va yostiq jildlar, hatto gigiyena buyumlari ham keltirilgan.
Shahar bo‘ylab harakatlanish va uchrashuvlar uchun qirol ma’muriyati Saudiyadan keltirilgan transportdan tashqari Turkiyada 500 ta “lyuks” toifasidagi mashinalarni ham ijaraga oldi. Anqarada shuncha hashamatli avtomobil va mikroavtobus topilmagani sababli mashinalarning bir qismi Istanbul, Antaliya va boshqa katta shaharlardan ham olib kelindi. Ularning barchasi mehmonxonaning yerosti avtoturargohiga sig‘magani uchun otel atrofida qora rangdagi mashinalarning ikki qatorda 200 metrga cho‘zilgan kolonnasi paydo bo‘ldi.
Izoh (0)