AQSh Koreya yarim orolidagi vaziyatni tinch yo‘l bilan tartibga solish bo‘yicha muzokaralarga tayyor, Vashington, hatto, KXDRga iqtisodiy ko‘mak ham berishi mumkin, ammo barchasi Pxenyanning xatti-harakatlariga bog‘liq. Bu haqda AQSh davlat kotibi Jon Kerriga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
“Biz ushbu muzokaralarga qaytishga tayyormiz. Biz yarim orol uchun tinchlik bitimini muhokama qilishga tayyor ekanligimizni aniq-ravshan bildirdik”, — dedi Kerri. U Vashington tomonlar tajovuzkorlikdan voz kechish haqidagi kelishuv bo‘yicha muhokamalarga kirishishiga qarshi emasligini ta’kidladi. “Aslida biz iqtisodiy ko‘mak taqdim etishga tayyormiz”, — deya qo‘shib qo‘ydi u.
Bundan tashqari, AQSh, davlat kotibi ta’kidlashicha, Janubiy Koreya bilan Koreyalarni birlashtirish konsepsiyasi ustida ishlashga tayyorligini bildirmoqda. “Biroq barchasi Shimoliy Koreyaning denuklearizatsiya bo‘yicha muzokaralarda qatnashish qaroriga bog‘liq” — dedi Kerri.
Izoh (0)