Joriy yilning 1-may kunidan e’tiboran “Maxsustrans” davlat ishlab chiqarish boshqarmasi Toshkent aholisiga va korxonalarga sanitar tozalash xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha tariflarni oshiradi. Bu haqda “Maxsustrans” shahar foydalanish bo‘limi “Daryo”ga xabar berdi.
Yangi narx-navo belgilangan deklaratsiya 7-aprel kuni tasdiqlandi. “Maxsustrans” tomonidan taqdim etilgan hujjatda ko‘rsatilishicha, 1-maydan boshlab quyidagi tariflar amalga kiradi:
aholiga qattiq maishiy chiqindilarni yo‘q qilish xizmatini ko‘rsatish — kishi boshiga oyiga 3 000 so‘m (eski tarif — 2 800 so‘m);
qattiq maishiy chiqindilarni yo‘q qilish xizmatini ko‘rsatish narxi ham budjetdagi, ham xo‘jalik hisobidagi korxona va tashkilotlar uchun birday oshirildi — bir metr kubga 35 991 so‘m (eski tarif — 33 591,4 so‘m).
Axlatni olib chiqib ketish xizmatini ko‘rsatish har ikki turdagi korxona va tashkilotlar uchun o‘zgarishsiz qoldi — bir tonnaga 13 449,4 so‘m.
Nihoyat, qattiq maishiy chiqindilarni Toshkent shahrining Hamza, Yakkasaroy va Yunusobod tumanlaridagi chiqindi yuklash stansiyalaridan ND-310 mashinalarida “Ohangaron” axlatxonasiga olib borib tashlash narxi bir tonnaga 10 010,5 so‘m deb belgilandi (eski tarif — 9 343, 1 so‘m).
Eslatib o‘tamiz, oxirgi marta maishiy chiqindilarni olib chiqish narxlari o‘tgan yilning 1-iyunida oshirilgan edi.
Izoh (0)