Qarshi davlat universiteti o‘qituvchisi Shokir Davlatov mingyillikning oltinchi masalasi yechimini topganini ma’lum qildi. Muallif masalani yechish bo‘yicha o‘z nuqtai nazarini “arXiv.org” saytida e’lon qilingan preprintda bayon qilgan.
“Ilmiy ishda mingyillikning oltinchi masalasi yechimi keltirilgan: Navye-Stoks masalasining yagona ravon yechimi mavjudligi isbotlangan”, — deb yozadi Davlatov preprintda.
“arXiv.org” saytida e’lon qilingan ish rus tilida yozilgan, annotatsiyasining ingliz tilidagi talqini bor. QarDU saytida Davlatov matematika kafedrasi professor-o‘qituvchisi sifatida ko‘rsatilgan. “arXiv.org” saytida uning boshqa ilmiy ishlari e’lon qilinmagan.
Mingyillikning yetti masalasidan biri (Anri Puankare nazariyasi isboti) so‘nggi bor 2002-yili rossiyalik matematik Grigoriy Perelman tomonidan yechilgan bo‘lib, u ham o‘z ilmiy ishini “arXiv.org” saytida e’lon qilgan edi. Kashfiyotni xalqaro ilmiy hamjamiyat tan olgan, biroq olim unga 2010-yili Kley matematika instituti (AQSh, Massachusets shtati, Kembrij shahri) tomonidan taqdim etilgan mukofotdan voz kechgan edi.
2014-yili Qozog‘istondagi Yevrosiyo milliy universitetida faoliyat olib boruvchi Muxtarbay Otelbayev mingyillikning oltinchi masalasini yechganini ma’lum qilgan edi. Amerikalik matematik Terens Tao esa qozog‘istonlik olimning yechimini rad etuvchi aksilmisollarni topgan edi.
2015-yil noyabrida Nigeriyadagi Oye-Ekiti shahridagi Federal universitetda ishlovchi Opiyemi Enox Riman gipotezasini isbotlashga muvaffaq bo‘lganini ma’lum qilgan edi. Kley matematika instituti esa Riman gipotezasi hali ham isbotlanmagan, deb hisoblaydi.
Izoh (0)