Dubay sudi Ispaniyaning “Barselona” klubi futbolchisi Lionel Messining shaxsiy hayotiga aralashgani uchun politsiya xodimini bir oyga ozodlikdan mahrum etish to‘g‘risida hukm chiqardi, deb yozadi “TASS”.
“Barselona” va Argentina termasi hujumchisi Birlashgan Arab Amirliklariga 2015-yil dekabrida tashrif buyurgan va Yevropa futbol klublari assotsiatsiyasi (ECA) talqini bo‘yicha eng yaxshi o‘yinchini mukofotlash marosimida qatnashgan edi. Dubay aeroportida ishlaydigan politsiyachi futbolchining pasporti bilan videoga tushdi, unda u hujjatni qo‘lida tutib turadi, ekran pastida esa “Uni yoqib yuboraymi yoki shunchaki qaytarib beraymi?” — degan yozuv paydo bo‘ladi.
Politsiyachi o‘z aybini tan olmasa-da, sud ushbu xatti-harakatni sportchining shaxsiy hayotiga aralashish deb baholadi. Ayblanuvchi rolikni hazil deb atadi va argentinalik o‘yinchining tansoqchisidan videotasvir uchun ruxsat olganini ta’kidladi.
Izoh (0)