Kuni kecha Osiyo Chempionlar Ligasining 2015-yilgi mavsumi o‘z nihoyasiga yetdi. Finalda BAAning “Al Ahli” klubini 1:0 hisobida mag‘lub etgan Xitoyning “Guanchjou Evergrand” jamoasi Osiyo Chempionlar Ligasi g‘olibiga aylandi, deb xabar beradi “Sports.uz”.
Osiyo futbol konfederatsiyasi matbuot xizmati qit’aning klublar miqyosidagi eng nufuzli musobaqasi ramziy jamoasini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Masaaki Higashiguchi, Jan Linpeng, Kvon Kyung Von, Kim Yung Gvon, Yosir Al Shahroni, Huang Boven, Jeng Ji, Majid Hasan, Ahmad Halil, Elkeson, Rikardo Gulart kabi futbolchilar ortda qolgan mavsumning ramziy terma jamoasidan joy oldi.
Ta’kidlash joizki, ramziy jamoada asosan final o‘yini ishtirokchilariga o‘rin berilgan. O‘zbekistonlik futbolchilardan esa birortasi ham ramziy jamoadan joy olmadi.
Eslatib o‘tamiz, 2015-yilgi OChLda O‘zbekistondan “Bunyodkor”, “Paxtakor”, “Lokomotiv” va “Nasaf” jamoalari ishtirok etgan edi.
Izoh (0)